Jinoiy jazolar yengillashyapti. Ammo bu qonunni chetlab o‘tishga asos bo‘lolmaydi

Sud-huquq tizimida o‘tkazilayotgan islohotlar natijasida insonparvarlik tamoyillariga tayangan holda jinoiy jazolar yengillashtirilib, ko‘proq ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar qo‘llanilyapti.

"Bu albatta shaxsni kelgusida o‘z xatosini to‘g‘ri anglab, sog‘lom turmush tarziga qaytishiga, eng asosiysi, oilasi bag‘rida bo‘lishiga imkon beradi, - deya mulohaza yuritadi Samarqand shahar IIB probatsiya bo‘linmasi boshlig‘i Temur Tilavov. - Misol uchun, yaqinda jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining sayyor sudi davomida muqaddam jinoyat sodir qilib, sud tomonidan tayinlangan jazolarni namunali o‘taganligi va qilmishidan xulosa chiqarib, tuzalish hayot tarziga o‘tganligi sababli 12 nafar shaxs muddatidan ilgari jazodan ozod etildi.

Umuman, bugungi kunda Samarqand shahri IIO Probatsiya bo‘linmasi hisobida 1297 nafar, jumladan, 326 nafar axloq tuzatish ishi, 300 nafar ozodlikni cheklash, 64 nafar muayyan huquqdan mahrum qilish, 16 nafar shartli jazo tayinlangan, 591 nafar jazodan muddatidan ilgari ozod etilgan shaxslar jazoni o‘tamoqda.

Ular bilan Probatsiya bo‘linmasi tomonidan tarbiyaviy ishlar olib borilib, oilasi va hayot tarzi yaqindan o‘rganilib, qiyinchilik tug‘dirayotgan muammolarini hal etishda yordam berilmoqda. Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan shaxslarni jamiyatga moslashishi choralari ko‘rilyapti.

Aslida, ayni paytda viloyatimizda Probatsiya hisobida jami 6850 nafar shaxslar sud tomonidan tayinlangan ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarni o‘tamoqda. O‘tgan 10 oy davomida tuzalish yo‘liga o‘tgan 2002 nafar nazoratdagi shaxslar o‘talmay qolgan jazolaridan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etildi.

Biroq berilgan imkoniyatdan foydalanmasdan tayinlangan jazoni o‘tashdan bo‘yin tovlab kelayotganlar ham yo‘q emas. Jumladan, 10 oy davomida 374 nafar nazoratdagi shaxslar jazo o‘tashdan qasddan bo‘yin tovlaganligi tufayli o‘talmay qolgan jazo muddatlari jazoning og‘irroq turlariga almashtirildi. Xususan, 245 nafari ozodlikdan mahrum etildi.

Noyabr oyida o‘tkazilgan profilaktik tadbirlarda ozodlikni cheklash jazosini o‘tayotgan 52 nafar shaxslar tungi vaqtlarda uyida bo‘lmaganligi, 15 nafari spirtli ichimlik iste’mol qilganligi aniqlangan. Albatta, bu holatlar bo‘yicha qonuniy choralar ko‘riladi".