Jismoniy madaniyat fani bilimdoni edi

O‘tganlarning nomini yod etish, xotirasini hurmat bilan eslash, ularning ruhlarini shod qilish muqaddas qadriyat sifatida qon-qonimizga singib ketgan. Hayotda shunday insonlar bo‘ladiki, ularning ezgu amali, qilgan yaxshi ishlari, fazilatlari bir umr farzandlar, shogirdlar, xotirasida mangu saqlanadi.
Ana shunday insonlardan biri umrini sportni rivojlantirishga bag‘ishlagan, jismoniy madaniyat fakulteti o‘qituvchisi Eshnazar Ermatovdir.
E.Ermatov 1965 yil 22 fevralda Past Darg‘om tumanining Yangiyo‘l qishlog‘ida tug‘ildi. Maktab ta’limidan so‘ng Samarqand davlat pedagogika institutining jismoniy tarbiya fakultetida tahsil oldi.
Institutni tugatgach, dastlab Past Darg‘om tumanidagi maktabda va keyinchalik jismoniy madaniyat fakultetida o‘qituvchilik qildi. Shu bilan birga pedagogika fakultetida aspiranturaning sirtqi bo‘limini tugatdi.
Eshnazar Ermatov 2007-2009 yillar jismoniy madaniyat fakulteti dekanining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, 2009-2011 yillarda jismoniy madaniyat va sport turlarini o‘qitish metodikasi kafedrasi mudiri lavozimlarida ishladi.
E.Ermatov har jabhada kamtarinligi, bilim va tajribasi bilan oilasiga, jamoadoshlariga o‘rnak edi. U talabalari bilan ko‘plab yutuq va sovrinlarga erishdi, ko‘plab shogirdlar tayyorladi.
Ustoz ilmiy-pedagogik faoliyati davomida 100 dan ziyod maqola va tezislar, 3 ta o‘quv qo‘llanma va tavsiyanomalar chop ettirdi. Bugun domla qoldirgan ilmiy meros mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlari, jismoniy madaniyat fakultetlari talabalari hamda yosh olimlar uchun dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.
SamDU jismoniy madaniyat fakulteti sport turlarini o‘qitish metodikasi kafedrasi mudiri va kafedra o‘qituvchilari.