Jizmonsoyliklar faxri

Azizlar e’zozlangan yurtdan qut-baraka arimaydi. Kattaqo‘rg‘on tumani Jizmonsoy qishlog‘ida ham ulug‘ ajdodlarimizning so‘nggi manzillari obodonlashtirilmoqda.

Bir paytlar xarobaga aylangan, nafaqat chet elliklar, hatto o‘zimiz ham nomlarini tuzukroq bilmaydigan bobolarimiz yodi bugun qadr topyapti, tarixiy obidalar tiklanib, ajdodlarimiz xotirasiga yuksak ehtirom ko‘rsatilyapti.

Asl ismi Sayyid Muhammad Xalifa mulla Yo‘ldosh she’riyatda Ibni Davlat taxallusi bilan ijod qilgan. U diniy va dunyoviy ilmlarni puxta egallagan serqirra iqtidor sohibi bo‘lib, manbalarda aytilishicha, 25 ga yaqin kitob yozgan. Afsuski, ijod namunalari bizgacha to‘liq yetib kelmagan va yetarlicha o‘rganilmagan. Yo‘ldosh ota 1860-1947 yillarda yashab, ijod qilgan.

Uning o‘n bir ming misradan ortiq g‘azal, muxammas, murabba’, ruboiy va fard janrlarini o‘z ichiga olgan “Devon”i ma’lum. Asosan pand-nasihat shaklidagi bu devonda shoirning o‘z zamonasiga bo‘lgan munosabatini aks ettiruvchi g‘azal va muxammaslar mavjud.

Bo‘lib nafsinga tobi’, band etarsan tushsa dushmanni,
Senga yo‘q nafsdek dushman, qila olsang ani qil band.

(Nafsingga qul bo‘lib, dushmandan g‘olib chiqishing mumkin, ammo sen uchun nafsdan kuchli dushman yo‘q. Kuch-qudrating yetsa, ana shu dushmanni mahv ayla).

SamDU akademik litseyi o‘qituvchisi, kattaqo‘rg‘onlik olima Dilfuza Toshniyozova Ibni Davlat “Devon”i ustida mehnat qildi va filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Endi kitobxonlar bu qimmatli manbadan bahramand bo‘lishlari mumkin.

Rustam Xushvaqtov,
Abdusodiq Nomozov,
Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 74, 75-umumiy o‘rta ta’lim maktablarining ma’naviy targ‘ibotchilari.