Jomboy tumani hokimi chempionlarni yo‘qladi

Qozog‘iston Respublikasining Olmaota shahri. Qo‘l jangi bo‘yicha o‘tkazilgan jahon chempionati yakunida O‘zbekiston davlat madhiyasi ikki bor yangradi. Bunday lahzalarda kishi ko‘nglidan iliq tuyg‘ular o‘tadi. Televideniye orqali tadbirni kuzatgan minglab jomboyliklar buni his etdi. Axir millat sha’nini ko‘tarishga munosib hissa qo‘shgan bu ikki sportchi Jomboy farzandlari.

Shohsanam Safarova – tumanimizdagi bolalar va o‘smirlar sport maktabi tarbiyalanuvchisi. Qo‘l jangi bo‘yicha jahon chempioni. 16 yoshda.

G‘ayratjon Rahmatullayev, 20-umumta’lim maktabi o‘quvchisi, qo‘l jangi bo‘yicha jahon chempionati sovrindori. 14 yoshda.

Ularning shijoati, shavqini ko‘rib, beixtiyor zavqlanadi kishi. Mana o‘zbek farzandlari. Ularga har tomonlama sharoit va imkoniyat yaratib bersang arziydi!

Bugun tuman hokimi H.To‘ychiyev har ikki sportchining xonadoniga tashrif buyurdi. Ularning ota-onasi, yaqinlariga shunday farzand tarbiyalagani uchun minnatdorchilik bildirdi. Sportchilar oilasiga tuman hokimligining esdalik sovg‘alari topshirildi.