Jomboyda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan 7 ta maktab direktoriga ogohlantirish berildi

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasining bo‘lim boshliqlari va mutaxassislaridan iborat ishchi guruh Jomboy tumanidagi umumta’lim maktablarining yangi o‘quv yili va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holatini o‘rgandi.

40-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida mazkur o‘rganish natijalari maktab direktorlari ishtirokida muhokama qilindi.

Tadbirda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Qo‘ldosh Saidov so‘zga chiqib, o‘tgan o‘quv yillari davomida Jomboy ta’lim sifati, erishilayotgan yuqori natijalar bo‘yicha viloyatda kuchli uchlikka kirganini ta’kidladi. Biroq 2019-2020 o‘quv yilida yo‘l qo‘yilgan jiddiy kamchiliklar sabab ushbu ko‘rsatkich o‘ninchi o‘ringacha tushib ketgan. Bu o‘z navbatida, o‘qituvchi va metodistlar salohiyati, o‘quvchilarning tanlov, musobaqa, fan olimpiadalari, oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish ko‘rsatkichlarida namoyon bo‘layotgani qayd etildi.

Boshqarma bosh mutaxassisi Latif Karimov ishchi guruh hisoboti bilan yig‘ilish ishtirokchilarini tanishtirdi.

Ta’kidlanganidek, 6-, 7-, 29-, 30-, 38-, 44- va 51-umumta’lim maktablarida yangi o‘quv yili va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari yakuniga yetib, ishlar samarali tashkil etilgan. Biroq qolgan maktablarda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rilgan bo‘lsa-da, obodonlashtirish ishlarida kamchilikka yo‘l qo‘yilgan. Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati qoniqarsiz baholangan. Xususan, 25-, 31-, 36-, 43-, 47-, 49-, 52- umumta’lim maktablaridagi vaziyat ko‘ngildagidek emas.

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati xabariga ko‘ra, sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgan va kamchiliklarga ko‘z yumib kelayotgan maktab direktorlari ogohlantirildi. Yangi o‘quv yili boshlangunga qadar muammolarni bartaraf etish bo‘yicha topshiriq berildi.

Sifat va samaradorlikni oshirish, direktorlar, pedagog-o‘qituvchilarning o‘z ustida ishlab, o‘quvchilarga puxta bilim berib, yuqori natijalarga erishishi yuzasidan tavsiyalar, fikrlar bildirildi.