Jomboylik bolajonlar Yangi yil tadbiridan bir olam zavq oldi

Jomboy tumani markaziy o‘yingohida o‘rnatilgan muhtasham bayram archasi bugun bolajonlarning shodon quvonchiga to‘ldi. Ertakmonand bezatilgan maydonda Qorbobo va Qorqiz ishtirokida namoyish etilgan teatr tomoshasi tadbirning eng qiziqarli chiqishlaridan bo‘ldi.

– Qorbobo yo‘qolib qoldi...

Qizaloqning tilidan aytilgan bu gap barchaning e’tiborini tortdi. Davraga o‘rmon hayvonlari chiqib kelishdi. Bolajonlarga Yangi yil xavf ostida qolgani, agar yalmog‘izning savoliga javob topilmasa, Qorboboni qo‘yib yubormasligini aytishdi.

– Xo‘sh, dunyoni nima qutqara oladi?

– Ezgulik, bilim, mehr-oqibat!

Bolajonlar baravar bergan javoblari yozuvlik ustidan g‘olib keldi.

Tuman madaniyat bo‘limi xonandalari bayramona kuy-qo‘shiqlar ijro etishdi.

– Yangi yil ezgulik bayrami, – deydi tuman madaniyat bo‘limi boshlig‘i F.Zubaydullayev. – Teatr tomoshasi orqali bolalarga bu haqida tushuncha berishni ham maqsad qilgandik.

Xonandalarning bayramona kuy-qo‘shiqlari tadbirga yanada fayz kiritdi.

Bayram tadbirida tuman hokimi H.To‘ychiyev so‘zga chiqdi va bolalarga “Prezident sovg‘asi”ni topshirildi.

Shuningdek, bayram munosabati bilan tuman tibbiyot birlashmasida davolanayotgan bolalar holidan xabar olindi. Tuman hokimi va sektor rahbarlari tomonidan bemor bolalarga sovg‘alar ulashildi.

Jomboy tuman hokimligi axborot xizmati.