Jomboylik tadbirkor qo‘shni davlatlarga 300 ming dollarlik mahsulot sotadi
Jomboy tumanidagi “Sof Expo Samarkand” ko‘rgazmalar majmuasida boshlangan hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi va Samarqand sanoatchilari Forumida 300 dan ortiq mahalliy ishlab chiqaruvchilar 1 700 ortiq mahsulot turlari bilan ishtirok etmoqda.
Ko‘rgazma doirasida yoshlarning startaplari va ilmiy ishlanmalari namoyishlari ham tashkil qilingan.
Shuningdek, “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi tadbirkorlikni kengaytirish uchun yangi hududlardagi yer maydonlari bo‘yicha axborotlar, bojxona boshqarmasi import qilinayotgan va mahalliylashtirish imkoni bo‘lgan mahsulot, xomashyo va materiallar ro‘yxati va namunalarini namoyish etmoqda.
Bu galgi ko‘rgazmada yirik va yangi tashkil etilgan, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxonalar ham o‘z mahsulotlarini namoyish etmoqda.
- Faoliyatimizni 2019 yilda avtomobil to‘shamalari ishlab chiqarishdan boshlaganmiz, - deydi Jomboy tumanidagi “EURO MATS” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Muhammadjon Alimov. – Joriy yildan esa Xitoy va Rossiyadan zamonaviy uskunalar keltirib avval import qilingan “Yeva” xomashyosini korxonamizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik. Bu loyiha hozircha MDH davlatlari orasida birinchisi bo‘lib turibdi. Xomashyoni tayyorlash uchun Xitoy, Tayvan, Janubiy Koreyadan kukun holida mahsulotni keltirib, yarim tayyor holida xomashyo tayyorlaymiz. Loyihani ishga tushirish orqali 50 ta doimiy, 40 ta mavsumiy ish o‘rni yaratildi. Shu oyda Qozog‘iston va tojikistonlik ishbilarmonlar bilan mahsulot eksporti borasida 300 ming dollarlik shartnoma imzoladik.
Eslatib o‘tamiz, sanoat yarmarkasi va Samarqand sanoatchilari Forumi bugun, 31 may kuni ham o‘z ishini davom ettirmoqda.