Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Jomboylik yoshlarning 79 ta murojaatidan 10 tasiga yechim topilmagan

Joriy yilning 11 mart kuni Jomboy tumani Polvonariq mahallasida o‘tkazilgan viloyat hokimining yoshlar bilan uchrashuvida 79 ta murojaat kelib tushgandi. Oradan 35 kun o‘tganiga qaramay yoshlarning 10 ta murojaati o‘rganilmay, yechimi topilmay kelmoqda.
Tahlil qilinganda, hal etilmagan murojaatlarning 4 tasi tuman mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi, 2 tasi yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi, 2 tasi MIB tuman bo‘limi va yana 2 tasi elektr tarmoqlari korxonasi mas’ullariga yuklatilgan.
- Samarqand pedagogika kollejini bitirganman, haydovchilik guvohnomam ham bor, - deydi Ko‘kgumbaz mahallasida yashovchi Samariddin Nazarov. – Kollejni bitirib, maktabda musiqa to‘garagi rahbari bo‘lib ishladim. To‘garagimiz tugatilgach, bir muddat ishsiz yurib, Samarqand shahrida haydovchilar tayyorlaydigan maktabda faoliyat olib bordim. Oylik maoshi juda kamligi uchun u yerda ko‘p ishlamadim. Mas’ullar murojaatimni e’tibordan chetda qoldirmadi. Aholi bandligiga ko‘maklashish markazidan ishlar taklif qilindi, ammo bo‘sh ish o‘rinlariga oliy ma’lumotli bo‘lishim kerak ekan. Ular ishga joylashgunimga qadar ishsizlik nafaqasi bilan ta’minlashimni ham aytgan edi. Hozircha, bu moddiy yordam ham yetib kelgani yo‘q. Menga haydovchilik bo‘yicha bo‘lsayam, ishga joylashishimga yordam bersa yaxshi bo‘lardi.
Shuningdek, S.Nazarov ushbu uchrashuvda mahallasidagi Xo‘ja qishlog‘ining ichki yo‘liga tosh to‘kish masalasini ko‘targan va ushbu masala ham ijobiy hal etilmagan.

O‘zbekiston yoshlar ishlari agentligi viloyati boshqarmasi axborot xizmati.