JSST koronavirus bilan kasallanish ko‘payganligini e’lon qildi
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) so‘nggi bir hafta ichida oldingi olti haftalik doimiy pasayishdan so‘ng koronavirus bilan kasallanish ko‘payganligini xabar qildi. Bu haqda TASS yozadi.
Tashkilot ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan hafta 2,6 milliondan ortiq yangi holatlar qayd etildi, bu avvalgi haftaga nisbatan 7 foizga ko‘pdir.
Yuqtirish ortishi Sharqiy O‘rta yer dengizi mintaqalarida kasallikning ko‘payishi bilan bog‘liq bo‘lib, o‘sish 14 foizni, Janubi-Sharqiy Osiyoda 9 foiz va Amerikada 6 foizni tashkil etdi.
Sabablari qilib koronavirus turlari tarqalishining davom etishi, cheklov choralarini yumshatish ko‘rsatilmoqda.
Shu bilan birga, o‘lim soni kamayishda davom etmoqda. Shunday qilib, 22-28 fevral kunlari bir hafta davomida 2 658 823 yangi holat va 63 477 o‘lim qayd etildi.
Oldinroq JSSTning Yevropa bo‘limi rahbari Xans Klyuge Yevropada koronavirus bilan kasallanish ko‘payishi qayta boshlanganining dastlabki belgilarini e’lon qilgandi. Unga ko‘ra, so‘nggi 24 soat ichida “COVID-19”ni dunyoda eng ko‘p yuqtirgan o‘nta mamlakatdan to‘rttasi Yevropa mintaqasida joylashgan.