JSST tamaki va alkogol koronavirus yuqtirib olishni keskin oshirishini aytdi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adxan Gebreyesus koronavirus pandemiyasi davrida alkogol va chekishni tashlashni tavsiya qildi. Bu haqda JSST bayonotida ma’lum qilingan.

Gebreyesusning so‘zlariga ko‘ra, chekish koronavirusning jiddiy rivojlanishiga hissa qo‘shishi mumkin.

“Eng muhim va e’tibor qaratadigan jihat – bu alkogol mahsulotlarining zararidir. Oddiy hayotda ham spirtli ichimliklar salomatlik uchun o‘ta zararli. Ammo infeksiya tarqalgan bir paytda uni iste’mol qilish odam immun tizimiga shikast yetkazadi. Oqibatda infeksiya yuqtirib olish xavfi keskin ortadi”, dedi Tedros Adxan Gebreyesus.

Bundan tashqari, JSST rahbari ovqatlanishga e’tibor berish zarurligini, foydali va sog‘lom taomlar iste’mol qilishni, shuningdek, kuniga kamida 30 daqiqa sport bilan shug‘ullanish tavsiya etdi.