Dunyoda 37 millionga yaqin 13–15 yoshdagi yoshlar tamaki chekadi
31 may — Butunjahon tamakisiz kun
Tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish inson salomatligiga jiddiy zarar yetkazadi. Ushbu oddiy haqiqat haqida ko‘p bora eshitsak-da, afsuski, hozirgi kunda butun dunyoda tamaki chekuvchilar soni tobora ortib bormoqda. Ayniqsa, yoshlar orasida bu odatning keng tarqalayotgani achinarli.
Shu sababdan ham joriy yilda Butunjahon tamakisiz kun maxsus yoshlarga mo‘ljallangan tamaki mahsulotlari paydo bo‘lishiga chek qo‘yishga qaratilgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan. Bugun butun dunyodagi yoshlar, siyosatchilar hamda tamakiga qarshi kurashish sohasining faollari uchun ushbu muammoni muhokama qilish platformasiga aylanadi. Ular mamlakatlar hukumatlarini yoshlarni tamaki sanoatining turli nayranglaridan himoya qilish uchun zarur choralarni ko‘rishga da’vat etadilar.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, tamaki ishlab chiqarish sanoati vakillari bolalar va o‘smirlarga jozibali bo‘lib ko‘rinadigan mahsulotlarni yaratayotgani va reklama usullarini o‘ylab topayotgani achinarli holdir. Buning uchun tamaki sanoati ijtimoiy media va striming platformalardan keng foydalanmoqda.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 13–15 yoshdagi 37 million nafar o‘g‘il-qizlar tamakini u yoki bu shaklda iste’mol qiladi. JSSTning Yevropa mintaqasida esa 13–15 yoshdagi 11,5 foiz o‘g‘il bolalar va 10,1 foiz qizlar (umumiy hisobda 4 million nafar yoshlar) tamaki chekadi.
Tamaki tarkibidagi nikotin qaramlikni keltirib chiqaradi hamda uning iste’moli yurak-qon tomir va nafas olish tizimi kasalliklari, saratonning 20 dan ortiq turlari va boshqa ko‘plab nogironlikka olib keluvchi xastaliklarning rivojlanishi uchun asosiy xavf omilidir. Har yili 8 milliondan ortiq odam tamaki iste’moli oqibatlaridan vafot etadi.
Dunyodagi bolalarning deyarli yarmi tamaki tutuni bilan ifloslangan havodan nafas oladi va har yili 65 ming nafar bola atrof-muhitdagi tamaki tutuni ta’siridan kelib chiqqan kasalliklardan vafot etadi. Homiladorlik paytida chekish esa chaqaloqlarda umr bo‘yi davom etadigan jiddiy kasalliklarga olib kelishi mumkin.
Ba’zi mahsulotlar, masalan, elektron sigaretalar, qizdiriladigan tamaki mahsulotlari va nikotinli snyuslar yoshlar orasida tez ommalashmoqda. JSST ma’lumotiga ko‘ra, Yevropa mintaqasida 2022 yilda elektron sigaretalarni 12,5 foiz o‘smirlar va bor-yo‘g‘i, 2 foiz kattalar chekkan. Shuningdek, dunyoning barcha hududlarida bolalar o‘rtasida elektron sigaretani iste’mol qilish ko‘rsatkichlari kattalarnikidan yuqori. Ayrim mamlakatlarda elektron sigaretalarning maktab o‘quvchilari orasida tarqalganligi odatdagi sigaretalarga qaraganda 2-3 baravar yuqori.
— O‘zbekistonda xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda yoshlarni tamaki mahsulotlaridan himoya qilish maqsadida qator choralar ko‘rilmoqda, — deydi Sog‘liqni saqlash vazirligining tamakiga qarshi kurashish bo‘yicha bosh konsultanti Shuhrat Shukurov. — Xususan, 2023 yil 24 mayda O‘zbekiston Respublikasining “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi Qonunining qabul qilinishi nafaqat yurtdoshlarimiz, balki xalqaro hamjamiyat tomonidan ham mamnuniyat bilan qarshi olindi. Joriy yilning 18 mayida Vazirlar Mahkamasi tomonidan Tamaki mahsulotlari to‘g‘risidagi texnik reglamenti tasdiqlandi. Hozirda vakolatli organlar tomonidan tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasiga qarshi choralar ko‘rilib, ularning zarari to‘g‘risida aholining xabardorligini oshirish bo‘yicha targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda, deya xabar beradi Sog‘liqni saqlash vazirligi.