JSST Xitoy pandemiya to‘g‘risida kech e’lon qilganini oshkor qildi

Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)dan koronavirus kelib chiqishini o‘rganayotgan tadqiqotchilar Xitoyda pandemiya haqida kech e’lon qilinganligi haqidagi ma’lumotlarni aniqlashdi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Ular koronavirus ilk bor aniqlangan Uxanga tashrif buyurib, uning tarqalishi Xitoy hukumati e’lon qilishidan oldin boshlangan, degan xulosaga kelishdi.

JSST missiyasining yetakchi tadqiqotchisi Piter Ben Embarekning aytishicha, Uxan shahrida virusning o‘ndan ortiq shtammlari 2019 yil dekabridayoq aniqlangan. "Virus dekabr oyida Uxan shahrida tarqalib ulgurgan. Bu yangi kashfiyot", dedi ekspert. Xitoy tomoni o‘sha yili 8 dekabrda kasallikni yuqtirgan odam bilan muloqot qilishga imkon berdi.

Mutaxassisning aytishicha, xitoylik olimlar tadqiqot guruhiga 2019 yil dekabr oyida Uxan shahrida koronavirus infeksiyasi bilan ro‘yxatdan o‘tgan 174 holat to‘g‘risida ma’lumot taqdim etdi. Ulardan 100 tasi laboratoriya tekshiruvlari bilan tasdiqlangan, yana 74 tasiga simptomga asoslanib klinik tashxis qo‘yilgan.

Ma’lumki, koronavirus kasalligining 15 foizigina og‘ir kechadi. Shuning uchun ekspert epidemiya boshlanishidan oldin ko‘p holatlar aniqlanmaganligi, ularning dekabrdagi umumiy soni ming kishidan oshgan bo‘lishi mumkinligini istisno qilmadi.

Avvalroq, xalqaro missiya mutaxassislari Xitoy hukumati JSST ekspertlariga mamlakatda koronavirus infeksiyasining dastlabki holatlari to‘g‘risida «xom» ma’lumotlarni taqdim etishdan bosh tortganligini ma’lum qilishgan edi. Avstraliyalik olim Dominik Duayer Pekin tadqiqotchilarga bor-yo‘g‘i bir nechta namuna ko‘rsatganini tushuntirdi.

Bungacha ham JSST mutaxassislari koronavirus pandemiyasi boshlanishi sanasiga shubha qilishgan edi. Ularning fikricha, virusni Xitoyda tarqalishi rasmiy e’lon qilingan 2019 yil dekabridan oldinroq tarqalgan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.