Jurnalistika har daqiqada yangilanadigan soha

Samarqand viloyati Matbuot uyida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi tomonidan faxriy jurnalistlar ishtirokida “Samarqand jurnalistikasi: mahorat va tajriba” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbirda uyushma viloyat bo‘limi raisi F.Toshev mamlakatdagi shiddatli islohotlar davrida jurnalistlar oldida turgan asosiy vazifalar, xususan sohada kadrlar mahoratini oshirish borasidagi vazifalarga to‘xtaldi. To‘planganlarga  O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining konferensiyasida ko‘tarilgan taklif va mulohazalar xususida axborot berdi.

So‘zga chiqqanlar Samarqand jurnalistikasi tarixiy va ibratli an’analarga ega ekanligi hamda bu tajribani yosh hamkasblar shuuriga singdirish zarur ekanini ta’kidlashdi.

Har qanday ijod ahlining bugungi axborot tezkorligini hisobga olgan holda davr talabiga mos bo‘lishi kerakligi aytildi. Kelgusida sohada ko‘p yillik tajribaga ega ustoz ijodkorlar, nafaqadagi faxriy jurnalistlar salohiyatidan foydalanish, joylarda uchrashuvlar, davra suhbatlarini o‘tkazish an’anasini davom ettirishga kelishib olindi. Negaki, jurnalistika har daqiqada yangilanadigan soha.

- Faoliyatim davomida turli soha vakilari bilan suhbatda bo‘lganman. Lekin hamkasblar bilan ijodiy muloqot boshqacha, - deydi faxriy jurnalist Abdurasul Ashurov. – Tadbir bahona anchadan buyon diydorlashmagan hamkasblarim bilan ko‘rishib, o‘sha davrlarni esga oldik. Bu albatta, ijodkorga ilhom berib, zavqlantiradi. O‘zim televideniye sohasida ishlasam-da, bosma nashlarda ham ijod namunalarim bilan qatnashib turaman. Jurnalist charxlanishi uchun bu juda muhim, buni shogirdlarimga ham uqtiraman.




- Ijodiy muhit yaratilishi uchun ham muloqot maydonchasi kerak, - deydi faxriy jurnalist Toshpo‘lot Rahmatulloyev. – Unda u yoki bu mavzu, uslub muhokamasi barobarida nuqtai nazarlarda ham yagona fikrga kelinadi. Bugungi davra suhbati ham ana shu muloqot maydonchasini asosi bo‘ldi.

Tadbir davomida bir guruh uyushma a’zolariga yangilangan namunadagi guvohnoma va ko‘krak nishonlari topshirildi.

Husan ELTOYeV.