Jurnalistikada o‘ziga xos maktab yaratgan ijodkor

Oqdaryo tumanidagi 51-umumta’lim maktabida marhum ijodkor, davlat va jamoat arbobi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Safar Ostonov xotirasiga bag‘ishlangan “Umid bilan yashagin”, deb nomlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi, viloyat hamda Oqdaryo tumani hokimliklari hamkorligida tashkil etilgan tadbirda S.Ostonovning hamkasblari, do‘stlari, shogirdlari, farzandlari va yaqinlari ishtirok etdi.

1948 yilda Urgut tumanining tog‘li Sevazsoy qishlog‘ida tug‘ilgan Safar Ostonovning ota-onasi taqdir taqozosi bilan Oqdaryo tumani Olchintepa qishlog‘iga ko‘chib keladi. Yosh Safar shu qishloqdagi 51-maktabda tahsil oladi va yetuklik attestatini olgach, Toshkent davlat universitetiga o‘qishga kiradi. Tadbir avvalida ishtirokchilar Safar Ostonovning o‘zi o‘qigan mana shu maktabda tashkil etilgan “Xotira burchagi” va undagi gazetalar, suratlar, ijodkor faoliyati bilan bog‘liq ma’lumotlar bilan tanishdi.

– Safar aka umrining ellik besh yilini jurnalistikaga bag‘ishladi, hayotining so‘nggi nafasiga qadar ham qo‘lidan qog‘oz-qalam tushmadi, – deydi ijodkorning shogirdlaridan biri Farmon Toshev. – U kishini 1970 yillarning o‘rtalarida respublika yoshlar gazetasida ishlagan vaqtdan buyon bilaman. Keyinchalik “Sport”, “O‘zbekiston futboli”, so‘ngra “O‘zbekiston ovozi” va “Golos Uzbekistana” gazetalarida bosh muharrir lavozimida ishlagan paytlarida hamisha hamroh, hamfikr bo‘lganmiz. Safar aka xalqning ko‘nglidagini yoza oladigan, dardini tez ilg‘ab oladigan mahoratli jurnalist edi. Qaysi sohada yozmasin, voqea-hodisa tafsilotlarini chuqur o‘rganib, fikrini jamlagan holda yozuv stoliga o‘tirishi, charchash nimaligini bilmasligi ko‘pchilik hamkasblarimizga ibrat edi. Shuningdek, sud-huquq mavzusida maqola yozadigan jurnalistlar respublikamizda sanoqli bo‘lib, bu borada Safar aka yetakchilardan edi.

Tadbir davomida Farrux Hamroyev ustozi Safar Ostonovdan nafaqat ijod sirlarini, balki hayot saboqlarini ham olganini alohida e’tirof etdi. Hamkasbi, ham shogirdi Nurullo Ostonov ham ustozning hayotlik paytida ijtimoiy hayotdagi ko‘plab dolzarb va keskin muammolarni dadil ko‘tarib chiqqanini ta’kidladi. Materiallarni xolis va haqqoniy yoritadigan, vatanparvarligi bilan keng jamoatchilik o‘rtasida munosib obro‘-e’tibor qozongan o‘tkir qalam sohibi, muhimi, jurnalistika sohasida o‘ziga xos maktab yaratgani haqida fikr yuritdi.

Tadbirda ushbu ta’lim maskanida Safar Ostonovning muzeyini, Samarqand shahrida jurnalistika maktabini tashkil etish, 80 yilligi oldidan bir qator tadbirlar o‘tkazish borasida fikr va takliflar bildirildi.

Husan Eltoyev.