Jurnalistlardan olimlar chiqyapti
Kecha Samarqand davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi kengashda viloyat teleradiokompaniyasi direktori Mirzo Ixtiyorov ijtimoiy falsafa ixtisosligi bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun yozilgan “Davlat boshqaruvida telekanallardagi sog‘lom raqobatni rivojlantirishning ijtimoiy falsafiy masalalari” mavzusidagi dissertatsiyasini himoya qildi.
Kengash yig‘ilishida M.Ixtiyorovning hamkasb va ustozlari, do‘st va yaqinlari qatorida biz ham ishtirok etdik.
Bu yaqin orada dissertatsiya himoyalarida, tag‘in deng, jurnalistning dissertatsiya himoyasida qatnashmagan edik. Dissertantning hayajonini tushunsa bo‘ladi, lekin, to‘g‘risi, bizda ham shunday his bor edi. Sababi, Samarqandda yaqin yillarda jurnalistlarning ilmiy ish qilib, nomzodlik yoki doktorlik darajasini olgani haqida eshitmagandik, bunga guvoh bo‘lmagandik. Olimlar ishni qanday qabul qilarkin, munosabat qanaqa bo‘ladi, degan o‘y yo‘q emasdi.
Garchi avvallari jurnalistlarning, jumladan, “Zarafshon” gazetasida ishlagan Nuriddin Shukurov, Abdurashid Abdurahmonov, Isroil Mirzayev, Bekmurod Yo‘ldoshev, Nuriddin Begaliyev, Jo‘liboy Eltazarov, Akbar Nurmatov va yana boshqa ijodkorlarning ilmiy ish qilgani, keyinchalik faoliyatini oliy o‘quv yurtlarida davom ettirgani haqida ko‘p eshitgan bo‘lsak ham keyingi yillarda bu an’ana deyarli unutilgandi.
Shu kunlarda ham Toshkentda ustozlarimiz, hamkasblarimizning jurnalistik faoliyati bilan birga ilmiy ish qilib, oliy o‘quv yurtlari talabalariga saboq berayotgani haqida eshitardik. Ayniqsa, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti tashkil etilgach, ommaviy axborot vositalarida ishlayotgan hamkasblarimizda nazariya va amaliyotni birgalikda olib borishga keng imkoniyat yaratildi.
Samarqand davlat chet tillar institutida jurnalistika bo‘yicha, Samarqand davlat universitetida esa noshirlik bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgach, bizda ham bu borada jonlanish kuzatildi. Hozir bir qator ustozlarimiz, hamkasblarimiz bu yo‘nalishlarda o‘qiyotgan talabalarga saboq beryapti, talabalar tahriyatlarda amaliyot o‘tamoqda.
Mirzo Ixtiyorovning ilmiy ishi ham Samarqand davlat chet tillar institutida, falsafa fanlari doktori, professor Otabek G‘aybullayev rahbarligida bajarildi.
Mirzoni talabaligidan taniyman, harakatchan, bosiq, oldiga qo‘ygan maqsadi sari intilishdan to‘xtamaydigan yigit. O‘qishni bitirgach, 2004 yilda Samarqand viloyati teleradiokompaniyasiga ishga kirgandi. O‘sha paytda kompaniyadagi eng yosh, shu bilan birga umidli jurnalistlardan biri edi.
Kecha, o‘sha paytdagi viloyat teleradiokompaniyasining rahbari Amrillo Ahmedov qayd etganidek, garchi filologiya fakultetini bitirib kelgan bo‘lsa-da, qisqa vaqtda televideniye ishini puxta o‘zlashtirib, jamoa orasida o‘z o‘rnini topgandi.
Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi magistraturasida o‘qib kelgach, Mirzoning ilmi ham, dunyoqarashi ham o‘zgardi, rahbarlikni o‘rgandi. Mana, besh yildirki, bir paytlar yosh muxbir sifatida ish boshlagan yigit Samarqand viloyat teleradiokompaniyasini muvaffaqiyatli boshqarib kelyapti.
– Akademiyada o‘qib yurgan paytimda, ayniqsa, xorijiy davlatlarga amaliyotga borib, ommaviy axborot vositalari faoliyati bilan tanishgach, bu haqda hisobotlar tayyorlagach, kelgusida albatta shu yo‘nalishda ilmiy ish qilaman, degan istak paydo bo‘lgandi, – dedi Mirzo Ixtiyorov himoya chog‘ida. – Samarqand davlat chet tillar instituti professor-o‘qituvchilari esa bu orzularim amalga oshishiga yordam berishdi, menga ishonch bildirib qo‘llab-quvvatlashdi.
Mirzo Rustamovichning ilmiy ishi mavzusining o‘zi uning mazmunini ifodalab turibdi. Ommaviy axborot vositalarining davlat boshqaruvidagi ahamiyati, bu borada telekanallar o‘rtasidagi raqobatni ham u yaxshi biladi, bu jarayon ichida yuribdi. Sohadagi yutuqlarni ham, muammo va kamchiliklarni ham boshidan o‘tkazib kelyapti. Ilmiy kengashda ta’kidlanganidek, ish faqat kitoblar yoki boshqa tadqiqotlarga qarab, kabinetda emas, real hayotda, nazariya va amaliyot uyg‘unligida tayyorlangan. Shuning uchun dissertant mavzuni aniq qilib bayon etdi, Jo‘raboy Yaxshilikov, Baxtiyor To‘rayev singari gaplashganda kishini "susti bosadigan" professorlarning savollariga javob berishda, hayajon sezilgan bo‘lsa-da, qiynalib qolmadi. Yakunda esa ilmiy kengash a’zolarining barchasi dissertatsiya muvaffaqiyatli himoya qilingani tasdiqladi.
– Har bir sohadagi ishning samaradorligi yoki kamchiligini shu soha ichida yurgan kishilarchalik hech kim bilmaydi, – dedi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Farmon Toshev. – Jumladan, jurnalistikada ham. Lekin barcha tashkilot, tuzilmalarda ham buni tahlil qilib, monitoring qilib boradigan guruh yoki xodimlar yo‘q, bor bo‘lsa ham ularning ishi deyarli sezilmaydi. Shu jihatdan Mirzo Ixtiyorovning ilmiy ishi jurnalistikaning, televideniye jurnalistikasining buguni va ertasi uchun muhim tadqiqot bo‘libdi. Bunday ishni har bir ommaviy axborot vositasi, tahririyat faoliyati misolida qilish mumkin va bundan butun jamiyat manfaatdor bo‘ladi.
Himoya yakunlangach, ilmiy kengash raisi, professor Shahzoda Negmatova boshqa jurnalistlarni ham ruhlantirib, ilmiy ish qilishga, tadqiqotlar olib borishga da’vat etdi.
– Bugun ilmning, olimlarning davlat tomonidan qanchalik qo‘llab-quvvatlanayotgani, keng imkoniyatlar yaratilayotganini ko‘rib turibsizlar, – dedi Sh.Negmatova. – Bu imkoniyatlardan foydalanish kerak. Ayniqsa, siz, jurnalistlarning qo‘lingizda juda ko‘p manba bor, har doim odamlar orasida, qaynoq hayot jabhasidasiz. Faqat o‘sha ko‘rgan-kechirganlaringiz, tajribalaringizni ilmiy jihatdan tadqiq qilish, o‘rganish, taqqoslash kerak. Bu borada ilmiy jihatdan yordam berishga biz doim tayyormiz.
Xullas, Mirzo ukamizning dissertatsiya himoyasi bahona ko‘p yangilikdan boxabar bo‘ldik, bilmagan jihatlarimizni o‘rgandik. Ayrim ustoz va hamkasblarimiz esa “biz ham tezroq himoya qilib olaylik” deb niyat qilishdi. Demak, jurnalistlar orasida ham olimlikka intilayotganlar, ilm qilayotganlar ko‘payayotgan ekan, keyingi himoyalarda ko‘rishguncha, deymiz.
G‘olib Hasanov.