Jurnalistlarning kasbiy faoliyati qanday himoya qilinmoqda?
Ayni kunda ommaviy axborot vositalari aholiga tezkor axborot yetkazish, jamiyatning tafakkur doirasi, dunyoqarashi va ma’naviyatini yuksaltirishdagi ahamiyati nihoyatda katta ekanligini hech kim inkor eta olmaydi. Ayniqsa, bugungi shiddat bilan rivojlanib borayotgan intellektual asrda axborotga bo‘lgan talab va ehtiyoj tobora ortib borayotgani hech kimga sir emas.
Ma’lumki, jurnalistlar turli voqelik va vaziyatlarda faoliyat olib borishiga to‘g‘ri keladi. Yer qimirlashi, vulqon otilishi, suv toshqini, yong‘inlar, epidemiya va pandemiyalar, harbiy harakatlar va boshqa qaynoq nuqtalar bo‘lmasinki, u yerga eng avval jurnalistlar yetib boradi. Og‘ir va xavfli jarayonlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib turgani holda, goh himoya, goh himoyasiz ular o‘z kasbiga oid faoliyat bilan shug‘ullanadilar. Dunyo voqealari aynan ushbu kasb egalari axborotlari orqali bizga yetib keladi, biz ularning materiallari orqali dunyo ishlaridan xabardor bo‘lamiz, ijtimoiy fikrlarimizni shakllantiramiz. Jasorat namunalarini ko‘rsatib kelayotgan jurnalistlarni butun dunyoda e’tirof etish maqsadida xalqaro-huquqiy hujjatlarda ularga tegishli normalar belgilab berilgan, kasb bayramlari tashkil etilgan.
3 may - Jahon matbuoti erkinligi kuni 1993 yil BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1991 yilda YuNESKO Bosh konferensiyasi 26-yig‘ilishida berilgan tavsiya asosida joriy qilingan. O‘z navbatida, mazkur tavsiya 1991 yil Afrika jurnalistlari tomonidan ishlab chiqilgan “Ommaviy axborot vositalari plyuralizmi va mustaqilligi haqidagi tarixiy Vindxuk deklaratsiyasi”ga asoslangan edi. Shunga ko‘ra, 1993 yildan buyon har yili ushbu sana dunyo bo‘ylab Xalqaro matbuot erkinligi kuni sifatida nishonlanadi. Har yili shu kuni munosabati bilan BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar dunyo davlatlaridagi matbuot erkinligi hisobotini e’lon qiladi.
Bu sananing nishonlanishidan asosiy maqsad — axborot erkinligi tamoyillarini ilgari surish, dunyoning barcha mintaqalarida axborot olish va tarqatish erkinligi holatiga baho berish, jurnalistlar erkinligi va mustaqilligiga qilinayotgan tajovuzlarning oldini olish, kasbiy burchini bajarayotganda halok bo‘lgan jurnalistlarni yodga olish, ularning oilalarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Jurnalistlarning kasbiy faoliyatini himoya qilish, ularni qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda ularga hurmat hissini shakllantirish maqsadida turli uyushma va tuzilmalar ham tashkil etilgan, harakatlar yo‘lga qo‘yilgan. Xalqaro Jurnalistlar tashkiloti (1906), Xalqaro Jurnalistlar federatsiyasi (1952), Hamdo‘stlik mamlakatlari, shuningdek, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, turli jamg‘armalar va boshqalar shular jumlasidandir. Har yili yurtimiz jurnalistika sohasidagi eng nufuzli mukofot - “Oltin qalam” xalqaro milliy mukofoti taqdimot marosimi o‘tkazilishi ham o‘ziga xos ramziy ma’noga ega.
Keyingi yillarida mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarining jamiyatdagi o‘rni va rolini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Sohaning huquqiy asoslari davr taqozosi bilan muntazam takomillashtirib borilmoqda.
Sohada amalga oshirilayotgan barcha ijobiy ishlar bilan birga, jurnalistlarning shaxsiy daxlsizligini ta’minlash, ularning kasbiy faoliyatini erkin amalga oshirish kafolatlarini kuchaytirish, jamiyatdagi mavqeini yanada mustahkamlash, xolis va haqqoniy axborotlarni tezkorlik bilan jamoatchilikka yetkazish, moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, davlat organlari faoliyatida ochiqlikni ta’minlash, davlat hokimiyati organlari, mansabdor shaxslarning ommaviy axborot vositalari orqali hisobdorligini ta’minlash bilan bog‘liq qonunchilik asoslarini yanada rivojlantirish dolzarb vazifalardan bo‘lib qolaveradi.
Gulnora Xudoyberdiyeva,
Toshkent davlat yuridik universiteti ixtisoslashtirilgan filiali dotsenti, yuridik fanlar nomzodi.