Kadrlar xizmati xodimlari malaka oshirdi

Davlatimiz rahbarining joriy yil 15-16 aprel kunlari Samarqand viloyatiga tashrifi davomida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Samarqand viloyat filiali tomonidan quyi bo‘g‘in rahbarlari, ya’ni davlat organlari va tashkilotlari hamda oliy ta’lim muassasalaridagi kadrlar bo‘limi boshliqlari va mutaxassislari uchun Davlat boshqaruv akademiyasining Samarqand hududiy filialida malaka oshirish o‘quv kurslari tashkil etildi.

Unga viloyatdagi sohaviy oliygohlarning professor-o‘qituvchilarini, davlat organlari va tashkilotlaridan malakali amaliyotchi mutaxassislari jalb etildi. 

Bir haftalik o‘quv dasturiga asosan Davlat boshqaruv akademiyasi Samarqand hududiy filialida viloyat boshqarmalari hamda oliy ta’lim muassasalari kadrlar xizmati rahbarlari va mutaxassislariga o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi.

Malaka oshirish kursi davomida zamon talablari asosida belgilangan normativ hujjatlarga muvofiq, inson resurslarini boshqarish va rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi. Munosib kadrlarni tanlash va saralash, lavozimga tayinlash bo‘yicha bilim va ko‘nikmalar oshirildi.

Bu o‘quvlar hududdagi inson resurslarini boshqarish va rivojlantirish sohasida muhim qadamlardan biri, deyish mumkin. Chunki zamon shiddat bilan rivojlanmoqda. Davr talabi intellektual bilimli, yetuk zamonaviy kadrlarga ehtiyoj kattaligini ko‘rsatmoqda. Binobarin, inson resurslari xalqaro makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarda ham muhim omil sifatida qaraladi. Inson resurslari hech qachon eskirmaydigan, o‘z qadrini yo‘qotmaydigan, takomillasha oladigan, rivojlantirish imkoniyati yuqori bo‘lgan resurslardan biri, desak yanglishmagan bo‘lamiz. Inson kapitaliga investitsiya kiritish texnologik rivojlanish davri uchun sog‘lom, zamonaviy bilimga ega hamda muammoli vaziyatlarga moslashuvchan yoshlarni tayyorlashga ko‘maklashib, kreativ fikrlaydigan avlodni yetishtirishda muhim omil sifatida xizmat qiladi. Chunki insonni inson orqali boshqarish juda nozik va murakkab jarayondir. 

Navro‘zbek Rajabov,

Samarqand veterinariya meditsinasi instituti xodimlar bo‘limi boshlig‘i.