Kambag‘al oilalar tomorqasidan samarali foydalanmasa, uy-joyini ozoda tutmasa, ijtimoiy yordam ko‘rsatish to‘xtatiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Kambag‘allikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqish to‘g‘risida"gi (PF-143-son, 23.09.2024 y.) farmoniga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan boshlab:
▪️Kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam olayotgan oilalarning rasmiy band bo‘lmagan a’zolari ishga joylashganda, o‘zini o‘zi band qilganda yoki tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yganda ushbu nafaqa va moddiy yordamni ularning muddati tugagunga qadar, biroq 6 oydan ko‘p bo‘lmagan muddatga to‘lash davom ettiriladi (Avvalgi tartibda yordam ko‘rsatish to‘xtatilar edi);
▪️Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1,5 baravaridan kam bo‘lmagan oylik ish haqi to‘langan holda ishga joylashgan Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oila a’zosi uchun ijtimoiy soliq uch yil davomida 1 foiz stavkada to‘lanadi;
▪️Kambag‘al oilalarga ko‘mak choralari ijtimoiy shartnoma asosida mehnatga layoqatli oila a’zolarining bandligini ta’minlash, o‘z tomorqasidan samarali foydalanish (ekin ekish), oila a’zolari, shu jumladan, farzandlarining bilim olishi, kasb-hunar va xorijiy tillarni o‘rganishi hamda sog‘lig‘ini nazoratga olishi, uy-joyini ozoda tutishi kabi shartlar inobatga olingan holda ko‘rsatiladi.
☑️Bunda ijtimoiy shartnoma shartlari bajarilmagan taqdirda, ijtimoiy yordam va xizmatlar (ijtimoiy nafaqadan tashqari) ko‘rsatish to‘xtatiladi.