Kambag‘allikni ro‘yxatdan chiqarishni deputatlar hal qiladi

Keyingi vaqtlar yurtimizda kambag‘allik va uni bartaraf etish masalalariga e’tibor ortdi.
Bu borada olib borilayotgan ishlar samaralari haqida ham ko‘p eshitayapmiz. Shu o‘rinda savol tug‘iladi, kambag‘al o‘zi kim? Umuman, fuqarolarning kambag‘allik darajasi qanday o‘lchanayapti? Shu va boshqa savollarimizga Samarqand viloyati iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Sh.RAHMONOV javob berdi.
— Viloyatimizda kambag‘allarni aniqlash birinchi navbatda oilalarning turmush sharoitini o‘rganishdan boshlanmoqda. Qayd etish lozim, karantin davri boshlangan vaqtda kambag‘al oilalar faqat mahalla fuqarolar yig‘inlari bergan ro‘yxatlar asosida belgilangan edi. Hukumat topshirig‘i bilan bu masalaga jiddiy e’tibor qaratilib, har bir oilaning turmush sharoiti tegishli mutaxassislar, jamoatchilik, xususan, mahalliy Kengashlar deputatlari ishtirokida monitoring qilindi. Qayta shakllantirilgan ro‘yxatdagi oilalarni kambag‘allikdan chiqarish chora-tadbirlari Vazirlar Mahkamasi tomonidan ishlab chiqilgan “Vaqtinchalik tartib” asosida tashkil qilinishi belgilandi.
Ushbu tartibda kambag‘allik quyidagi manbaalar hisobidan bartaraf etilishi ko‘rsatilgan:
oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida;
hunarmandchilikni yo‘lga qo‘yish;
ishsizlarni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi “Jamoat ishlari” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan xaq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilish;
tomorqa xo‘jaligida va boshqa sohalarda o‘zini o‘zi band qilish;
investitsiya (sanoat va xizmat yo‘nalishi) loyihalarida;
qishloq xo‘jaligi sohasidagi (mahsulotlar yetishtirish, qayta ishlash) loyihalarda;
g‘alladan bo‘shagan yerga takroriy ekin ekish va oborotdan chiqib ketgan yerlarni o‘zlashtirish hisobiga;
ishsizlarning markazlashgan va boshqa manbaalar hisobiga amalga oshirilayotgan qurilish ob’yektlarida bandligini ta’minlash orqali.
— Kambag‘allikni bartaraf etish borasida viloyatimizda qanday ishlar amalga oshirilmoqda va bundan qanday natijalar kutilyapti?
— Aytish joizki, joriy yilning boshida viloyatimiz “Temir daftar”ga 47 770 ta kambag‘al oilalar kiritilgandi. Bugungi kunda ulardagi 60 882 nafar mehnatga layoqatli fuqaroning bandligi va daromadini ta’minlash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Jumladan, belgilangan tartibda ularning 39 049 nafari iqtisodiy kompleksda (oilaviy tadbirkorlik, hunarmandlik, jamoat ishlari va o‘zini-o‘zi band qilish), 16 974 nafari qishloq xo‘jaligi kompleksida (agrosanoat va takroriy ekin) hamda 4 859 nafari qurilish komplekslarida (investitsiya dasturi va uy-joy qurilishi) ish bilan ta’minlanadi.
“Vaqtinchalik tartib” asosida amalga oshirilgan ishlar natijasida shu vaqtga qadar 6 693 ta oila doimiy daromad manbaiga ega bo‘ldi. Mazkur oilalarni kambag‘allik ro‘yxatidan chiqarish masalasi esa mahalliy hokimlik yoki boshqa bir boshqaruv organi vakolatiga kirmaydi. Mavjud tartibdan kelib chiqib, doimiy daromad manbaiga ega bo‘lgan 7 mingga yaqin oilalarni kambag‘allik ro‘yxatidan chiqarish masalasi Xalq deputatlari mahalliy Kengashlar muhokamasiga kiritildi.
Endi, bevosita kambag‘allikdan chiqarish jarayoniga to‘xtalsak. Bu boradagi ishlar bir qancha yo‘nalishlarga bo‘linadi. Misol uchun, ayni vaqtda “Bir mahalla — bir mahsulot” tamoyili asosida mahalla va qishloqlar muayyan ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi mahsulotini yetishtirishga ixtisoslashtirilmoqda. Mazkur tadbir doirasida muhtoj oilalarga 100 ming tupdan ortiq ko‘chat, 500 ga yaqin asalari uyalari, 138 ming bosh jo‘ja, 2 mingdan ortiq chorva mollari tarqatildi. Shuningdek, 1000 ta yengil konstruksiyali issiqxonalar qurib berildi.
Kooperatsiya asosida qilingan ishlarga kelsak, Payariq tumanidagi Navoli hududida “Oqdaryo baraka chiken” MChJ tomonidan “Fermerlar jamg‘armasi”ning 21,2 mlrd. so‘mlik imtiyozli krediti hisobiga 300 gektar lalmi yer maydonida tokzor tashkil etildi. Undagi toklar orasiga 588 nafar ishsiz va muhtoj fuqarolar sabzavot va poliz ekinlari ekishdi. Bundan tashqari, 18 800 nafar kambag‘al va ishsiz fuqarolarga 3 704 ta fermer xo‘jaliklaridan 20-30 sotixdan jami 9 350 gektar takroriy ekin ekish uchun yer maydoni ajratildi. 66 ta dala kooperativlariga 1 334 gektar yer maydoni berilib, ularga 3 156 nafar muhtoj oilalar biriktirildi, shundan 48 ta dala kooperativiga 3,4 mlrd. so‘m subsidiya berildi. Misol uchun, Oqdaryo tumanida meva-sabzavotchilik yo‘nalishida “Oqdaryo ipagi” MChJ kooperativi tashkil qilinib, unga 73,6 gektar yer maydoni va ustav fondini shakllantirish uchun 254,2 mln. so‘m miqdorida subsidiya ajratildi hamda 114 nafar ishsiz fuqaro a’zoligi ta’minlandi.
— Biroq, yerning tilini tushunmaydigan, o‘ziga ma’qul boshqa sohada ishlashni istaydigan, aytaylik tadbirkorlik qilmoqchi bo‘lgan fuqarolar ham bor. Bundaylar kambag‘allikdan qanday chiqariladi?
— Nazarimda, bu savolga yuqorida qisman javob berildi. Bugungi kunda ishsizlarni tadbirkorlikka jalb qilish kambag‘allikni qisqartirishning eng samarali usuli hisoblanadi. “Har bir oila — tadbirkor” dasturida bu boradagi barcha tashkiliy masalalar belgilangan. Xususan, ayni vaqtda “Mikrokreditbank”, “Xalq banki” va “Agrobank” tadbirkorlikka ishtiyoqmand, ammo qo‘lida zarur mablag‘i bo‘lmagan fuqarolarga Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasidan yuqori bo‘lmagan foizlarda kredit mablag‘larini ajratmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida tegishli dasturlar doirasida 574 nafar jismoniy shaxsga 5 578 mln. so‘m miqdorida ana shunday imtiyozli kredit berilgan.
Shuningdek, ma’lum kasbni egallashni istagan fuqarolar uchun ham zarur sharoitlar yaratilgan. Joriy yilning yanvar-iyun oylarida jami 1 303 nafar ishsiz fuqarolar turli yo‘nalishlar bo‘yicha kasbga o‘qitildi. Jumladan, ularning 474 nafari tikuvchilik ishi, 155 nafari kompyuter va kompyuter tarmoqlarini ta’mirlash (Axborot texnologiyalari), 90 nafari avtomobillarni ta’mirlash va ularga texnik xizmat ko‘rsatish, 85 nafari payvandlash ishi singari mehnat bozorida talab katta bo‘lgan kasblarni egallashdi. Bunga yana ko‘plab misollarni keltirish mumkin.
— Bu yo‘nalishdagi ishlarga to‘siq bo‘layotgan muammolar bormi? Ushbu muammolarni bartaraf etish uchun qanday choralar ko‘rilayapti?
— Viloyatimizda kambag‘allikni qisqartirish ishlarida to‘sqinlik bo‘lishi mumkin emas. Negaki, bu masala shaxsan davlatimiz rahbarining e’tiborida. Qolaversa, Hukumatimiz tomonidan bu borada barcha zarur sharoitlar yaratilmoqda, tegishli chora-tadbirlar belgilanmoqda.
Gap faqat ularning ijrosini ta’minlash, aholini mehnat qilishga, tadbirkorlikka jalb qilishga, daromad olishga qiziqtira bilishda. Bu masalada ham muammo yo‘q. Belgilangan vazifalar izchillik bilan bajarilmoqda.
Asqar BAROTOV suhbatlashdi.