Kamol et kasbkim...

Buyuk o‘zbek shoiri, mutafakkir, davlat arbobi Nizomiddin Mir Alisher Navoiy hazratlarining tavallud kuni tobora yaqinlashmoqda. Shu bahona buyuk shoirni yana bir marta yodga olib, u qoldirgan adabiy meros va uning barkamol avlod tarbiyasidagi ahamiyatini e’tirof etamiz.
Yosh avlod tarbiyasida biror-bir kasbning boshini tutish, hunar egallash muhim ahamiyatga ega:
Kamol et kasbkim olam uyidin,
Sanga farz o‘lmag‘ay g‘amnok chiqmoq.
Jahondin notamom o‘tmak biayni,
Erur hammodin nopok chiqmoq.
Yuzaki qaraganda, gap dunyodan biror kasbning boshini tutmay o‘tib ketish yaxshi emasligi haqida ketayotgandek ko‘rinadi. Aslida esa u yuqorida aytib o‘tganimiz — tasavvuf axloqshunosligining «kasb» tushunchasi bilan bog‘liq. Navoiy hazratlari bu dunyoga kelib, Alloh inson uchun yaratgan barcha fazilatlar va ezguliklarni o‘ziga kasb qilib olmagan, yuqtirmagan kishi tiriklik olamidan boshi quyi solinganicha chiqib ketadi, chunki dunyodan notamom, ya’ni komillikka erishmay o‘tish xuddi hammomga kirib, yuvinmay chiqib ketish bilan barobar, deydi.
Ulug‘ mutafakkirning fikriga ko‘ra, har bir inson dunyoda Alloh unga atab ne’mat sifatida yaratgan fazilatlar egasi bo‘lmog‘i, komillikka intilmog‘i zarur. Ana shundagina u insonlik burchini bajargan, inson degan nomni oqlagan sanaladi.
Alisher Navoiy ijodi bilan qanchalik tanishib borsak, shoir asarlaridagi g‘oyalarni hozirgi hayotimizga ham tatbiq etish mumkinligini anglaymiz.
Menga ne ishqu, ne oshiq havasdur,
Agar men odam o‘lsam, ushbu basdur.
Alisher ERNAZAROV,
Samarqand iqtisodiyot va servis instituti kafedrasi mudiri.