Kamongarondagi suv muammosiga yechim topilgan, uni loyqalatishdan kim manfaatdor?

Xorijda faoliyat yurituvchi Eltuz.com portalining telegram-kanalida “Kamangaron” qishlog‘i nidosi, yoxud B.Matlubovning kirdikorlari” deb nomlangan murojaat e’lon qilindi. Urgut tumanining Kamongaron mahallasi ahli nomidan yozilgan ushbu murojaat beixtiyor e’tiboringizni tortadi. Boisi, bir necha yillar mobaynida Kamongaron va qo‘shni Vag‘ashti qishloqlari o‘rtasida mavjud bo‘lib kelgan va Prezidentimiz tashabbusi bilan hal etilgan suv bilan bog‘liq mojaroli muammolar haqida eshitgansiz, albatta.

Murojaatda iddao qilinishicha, go‘yoki asli Vag‘ashti mahallasidan bo‘lgan yuqori lavozimli amaldorlar, xususan, sobiq Ichki ishlar vaziri B.Matlyubovning bosimi ostida tuman hokimligi suv taqsimoti kelishuvlariga amal qilmay, Kamongaronni yana suvsiz qoldirayotgan emish.

Ayni masalada jurnalistik surishtiruv o‘tkazish maqsadida har ikki mahallada bo‘lib, mahalla raislari, nuroniy oqsoqollar, aholi vakillari bilan suhbatda bo‘ldik.

Ularning ma’lum qilishicha, murojaatdagi va’jlar asossiz bo‘lib, ikki mahalla o‘rtasidagi suv masalalari adolatli hal etilgan ekan. Mahalla ahli nomidan e’lon qilingan murojaat esa anchadan buyon xorijda yashayotgan, o‘zini muxolifat deya atovchi guruhlar ta’siriga berilgan g‘alamis kimsalarning “ijod mahsuli” ekan.

Ma’lumot o‘rnida: bu ikki mahalla aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlash va tomorqa maydonlarini sug‘orish ishlarida tog‘dan keladigan chashma suvlaridan foydalaniladi. Chashma suvi taqsimoti bir necha yillardan buyon ushbu mahallalar o‘rtasida muammoli masala bo‘lib kelganligi tufayli, 2020 yilda Samarqand viloyati hokimligi tomonidan tuzilgan ishchi guruhi xulosasiga asosan qiymati 3 milliard 100 million so‘mlik yangi loyiha smetasi ishlab chiqilgan edi.

Loyihaga asosan, barcha mavjud chashma suvlarini birlashtirib, mahallalarning aholi soni hisobga olingan holda, Kamongaron mahallasiga 60%, Vag‘ashti mahallasiga 40% miqdorida suv ta’minotini taqsimlash belgilandi.

Loyiha ishlari bajarilib, suv taqsimlovchi inshoot bunyod etildi. Suvni qayta ishlab beruvchi (elektroliznaya) uskunalari o‘rnatildi. Muammo yechildi. Nizolarga barham berildi.

Unda, yuqorida tilga olganimiz – murojaat qayerdan paydo bo‘ldi? – degan savol tug‘ilishi tabiiy.

Murojaatchilarning talabiga ko‘ra, mazkur ikki mahalla aholisini uzluksiz suv bilan ta’minlash maqsadida amalga oshirilgan shuncha ishlarni bekor qilib, avvalgi holiga qaytarib, chashmadan keladigan suvdan quvur va lotoklar orqali foydalanish lozim emish.

Joriy etilgan suv taqsimlashning har tomonlama eng maqbul yo‘lini yana inkor etish, hal etilgan muammoni yana chuvalashtirish kimga kerak bo‘lib qoldi?

Biz bilan suhbatda bo‘lgan har ikki qishloq vakillarining so‘zlarida jon borga o‘xshaydi. Chindan ham bu murojaat ortida boshqa kimsalar turgan bo‘lishi ehtimol. Ular mazkur qishloqlar aholisini yana nizolar, muammolar girdobiga tortishni istayotgan bo‘lishi mumkin-ku, degan xayolga borasan kishi.