Karantin paytida opasinikiga qatnagan ayolni eri pichoqladi

Shahrisabz shahridagi Nomozgoh mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi, 1955 yilda tug‘ilgan U.Z. va uning turmush o‘rtog‘i, 1957 yilda tug‘ilgan Z.H.ning qariganlarida el aro yuzi shuvut bo‘ldi, deb yozmoqda "Postda.uz" nashri.
Gap shundaki, to‘rt farzandni uyli-joyli qilgan er-xotin o‘rtasida kelishmovchilik paydo bo‘ldi. Bunga Z.H.ning eridan beso‘roq, muntazam ravishda opasinikiga borib kelishi sabab bo‘ldi. U.Z. dastlab xotiniga yaxshi gapirib, karantin paytida tinch-xotirjam uyda o‘tirishini tayinladi. Lekin xotini uning gaplariga parvo ham qilmay, o‘z bilganicha ish tutaverdi.
4 aprel kuni soat 11:30 larda er-xotin yana tortishib qolishdi. Oqibatda er jahl ustida turmush o‘rtog‘iga oshxona pichog‘ini sanchib olib, tan jarohati yetkazdi.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.