Karantin qoidalarini buzmang, jazolanasiz!

Bugungi kun global dunyoda koronavirus infeksiyasi insoniyat hamjamiyatiga jiddiy xavf solmoqda. Minglab odam vafot etmoqda, o‘n minglab odam og‘ir kasallikga chalinmoqda, yuz minglab odam karantinga olinmoqda. Koronavirus pandemiyasi nafaqat insonlarning hayoti va sog‘ligi, balki barcha davlatlarning ijtimoiy-iqtisodiy barqarorligiga xavf tug‘dirmoqda va jahon moliyaviy-iqtisodiy inqiroziga sababchi bo‘lmoqda.

Koronavirus infeksiyasining keng tarqalishi sababli fuqarolarning harakatlanishiga cheklovlar kiritilishi va ayrim yirik korxonalarning to‘xtatilishi, ishlab chiqarish va iste’mol hajmlarining keskin qisqarishiga, xalqaro savdo aloqalarining izdan chiqishiga, dunyo moliya bozorlarida xomashyo tovarlari narxlarining pasayishiga va boshqa jiddiy qiyinchiliklarga olib kelmoqda. Ushbu vaziyat va omillar global iqtisodiyot tizimining bir qismi bo‘lgan O‘zbekistonga ham zararli ta’sirini o‘tkazmoqda.

Yana shuni ham ta’kidlash lozimki, koronavirus epidemiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida mamlakatimizda qisqa davrda bir qator qonun va qonunosti hujjatlar ishlab chiqildi. “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat protsessual kodekslariga hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonuni qabul qilindi. 

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi haqida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni tarqatish uchun javobgarlik belgilangan 244-5 moddasi bilan to‘ldirildi. Ushbu moddaning ikkinchi qismida bunday haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan matnda yoki ommaviy axborot vositalari, shuningdek, internet butunjahon axborot tarmog‘i orqali tarqatganligi uchun og‘irlashtirilgan javobgarlik ko‘rsatilib uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi.

Shu bilan birga, Jinoyat kodeksining sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzilishi bilan bog‘liq javobgarlik ko‘rsatilgan 257-1 moddasi javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holatlar bilan yangi tahrirda ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi va tarqalishi sharoitida Davlat sanitariya nazorati organlarining tibbiy tekshiruvidan va davolanishdan o‘tish, karantinni o‘tash uchun belgilangan joylarga yetib borish va ushbu joyni belgilangan muddat davomida tark etmaslik, kasallik yuqishi mumkin bo‘lgan davrda muloqotda bo‘lgan shaxslar va borgan joylar haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilish to‘g‘risidagi yoki boshqa qonuniy talablarni uzrli sabablarsiz bajarmaslik odamlarning ommaviy kasallanishi yoki zaharlanishi real xavfini keltirib chiqarsa yoxud odamlarning ommaviy kasallanishi yoki zaharlanishiga olib kelsa aybdor shaxs boshqa muqobil jazolar bilan birga besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Jinoyatning javobgarlikni og‘irlashturivchi xolatlari sifatida ushbu qilmish odamning o‘limiga sabab bo‘lsa, besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, agar aybdorning o‘sha qilmishi odamlarning o‘limiga sabab bo‘lsa, yetti yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikning kuchaytirilishi shundan iboratki, bu kasallik hech kimni ayamaydi va og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Agar chet el tajribasiga e’tibor qaratsak, ushbu qilmish uchun Italiya, Ispaniya, Fransiya kabi davlatlarning Jinoyat kodekslarida 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, Xitoyda esa o‘lim jazosi ham ko‘rsatilgan.

O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ularni ayni vaqtning zarurli talabi ekanligiga amin bo‘lamiz. Kodeksning “Ma’muriy jazo” deb atalmish uchinchi bobi “Ma’muriy jazo va majburlov chorasi” etib belgilanib, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi va tarqalishi sharoitida tibbiy yo‘sindagi majburiy chorasini qo‘llash ko‘rsatilgan 29-2 moddasi bilan to‘ldirildi.

Unga ko‘ra, ushbu sharoitda sanitariya va epidemiyaga qarshi kurashish qoidalarini buzishga oid huquqbuzarlik sodir etgan shaxsga nisbatan tegishli tibbiy asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda, davlat organlari tomonidan karantinda saqlash yoki davolanish tarzidagi tibbiy yo‘sindagi 30 sutkagacha bo‘lgan majburlov choralari qo‘llanishi mumkinligi belgilandi.

Shu bilan birga, bugungi koronavirus epidemiyasining xususiyatlarin hisobga olgan holda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksidagi epidemiyalarga qarshi kurashish qoidalarini buzish uchun javobgarlik ko‘rsatilgan 54-moddasi yangi tahrirda ishlab chiqildi. Ushbu moddaning birinchi qismida karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi va tarqalishi sharoitida jamoat joylarida niqobsiz yurganlik uchun javobgarlik ko‘rsatilib, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravarigacha miqdorda jarima solish belgilandi.

        Ushbu moddaning ikkinchi qismida esa karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi va tarqalishi sharoitida shifoxonadagi ichki tartibga rioya etmaslik hamda Davlat sanitariya organlarining tibbiy tekshiruvdan va belgilangan joylarga yetib borish va ushbu joyni belgilangan muddat davomida tark etmaslik, kasallik yuqishi mumkin bo‘lgan davrda muloqotda bo‘lgan shaxslar va borgan joylar haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilish to‘g‘risidagi yoki boshqa qonuniy talablarni uzrli sabablarsiz bajarmaslik uchun javobgarlik ko‘rsatilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. 

 Shuni qayd etish kerakki, qonun hujjatlariga ushbu o‘zgartirish va qo‘shimchalar inson uchun xavfli bo‘lgan yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi va tarqalishi haqida aholi orasida asossiz vahima tarqalishining oldini olish, jamoat xavfsizligini ta’minlash hamda mutasaddi idoralarning normal faoliyat yuritishi uchun yetarli sharoit yaratish, yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi yoki tarqalishining oldini olishni amalga oshirish, sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish uchun javobgarlik va jazo muqarrarligini anglash maqsadlarida kiritildi.

Botir MATMURATOV,

Oliy Majlis Senatining sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi.