Karantin talablariga rioya qilmaganlik uchun qanday javobgarlik va jazo choralari belgilangan?

Ayrim fuqarolar tomonidan epidemiyaga qarshi kurash qoidalarining buzilishi, jumladan, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida karantin talablariga rioya etmaslik holatlari ko‘p uchramoqda. Bu nafaqat shaxsning o‘z hayoti va sog‘lig‘iga, balki koronavirus infeksiyasi asosan yaqin masofada aksirganda, yo‘talganda havodan burun va nafas yo‘llari orqali, shuningdek, qo‘l berib ko‘rishganda yuqishi mumkinligi uchun boshqa shaxslarning hayoti va sog‘lig‘i uchun ham xavf tug‘diradi.

Shu bois, 2020 yil 26 mart kuni “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun qabul qilindi.

Xususan, Jinoyat kodeksi “Karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi haqida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni tarqatish”, deb nomlangan 244(5)-modda bilan to‘ldirildi. Mazkur moddaning 1-qismiga ko‘ra, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi haqida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni tarqatganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi belgilandi.

Mazkur moddaning 2-qismida uning birinchi qismida ko‘rsatilgan ma’lumotlarni nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan matnda yoki ommaviy axborot vositalari, shuningdek, internet axborot tarmog‘i orqali tarqatish bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilab qo‘yildi.

Bundan tashqari, Jinoyat kodeksining 257(1)-moddasi yangi tahrirda qabul qilinib, mazkur moddaning l-qismida sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish, shu jumladan, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida davlat sanitariya nazorati organlarining tibbiy tekshiruvdan o‘tish va davolanish, karantinni o‘tash uchun belgilangan joylarga yetib borish va ushbu joylarni belgilangan muddat davomida tark etmaslik, kasallik yuqish xavfi mavjud bo‘lgan davrda muloqotda bo‘lingan shaxslar va borilgan joylar haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilish to‘g‘risidagi yoki boshqa qonuniy talablarni uzrli sabablarsiz bajarmaslik odamlarning ommaviy kasallanishi yoki zaharlanishi real xavfini keltirib chiqarganligi yoxud odamlarning ommaviy kasallanishiga yoki zaharlanishiga olib kelganligi uchun jinoiy javobgarlik belgilanib, ushbu jinoiy harakatlar bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solish yoki besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha (moddaning eski tahririda uch yilgacha) ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mustahkamlandi.

O‘sha qilmish odamning o‘limiga sabab bo‘lsa, jazo yanada og‘irroq bo‘ladi. Ya’ni, ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yildan yetti yilgacha (moddaning eski tahririda uch yildan besh yilgacha) ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Yuqorida qayd qilingan qilmish odamlarning o‘limiga sabab bo‘lsa, yetti yildan o‘n yilgacha (moddaning eski tahririda besh yildan sakkiz yilgacha) ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilandi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning “Ma’muriy jazo”, deb nomlangan 3-bobi yangi tahrirda “Ma’muriy jazo va majburlov chorasi”, deb nomlandi. Kodeks yangi “Karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasini qo‘llash” nomli 292-modda bilan to‘ldirildi.

Ushbu moddaga asosan, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzishga oid huquqbuzarlik sodir etgan shaxsga nisbatan tegishli tibbiy asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda, davlat sanitariya nazorati organlari tomonidan karantinda saqlash yoki davolanish tarzidagi tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi qo‘llanilishi mumkinligi qayd etildi.

Tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi o‘ttiz sutkagacha bo‘lgan muddatda ma’muriy jazo tayinlash bilan birga qo‘llanilishi hamda davlat sanitariya nazorati organlari tomonidan belgilangan joylarda ijro etilishi hamda tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasining ijrosi davlat sanitariya nazorati, ichki ishlar va Milliy gvardiya organlari tomonidan ta’minlanishi nazarda tutildi.

Jahongir ARSLONOV,

jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi sudyasi.

Abdusattor ABDURAZZAKOV,

jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar sudi raisi.