Karantin vaqtida kreditorga sansiya qo‘llanilmaydi

Jismoniy shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning kredit bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorliklari bo‘yicha jarima sanksiyalari qay tartibda qo‘llaniladi?

O.RASULOV,

Jomboy tumani. 

- Kreditlar bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorliklari yuzasidan qo‘shimcha foizlar, komissiya va neustoyka (shtraf, penya) hisoblash va ularni undirish tijorat banki va mijoz o‘rtasida rasmiylashtirilgan kredit shartnomasiga muvofiq amalga oshiriladi.

Qonun hujjatlarida qo‘shimcha foizlar, komissiya va neustoyka (shtraf, penya)larning eng ko‘p umumiy summasi tuzilgan kredit shartnomalari bo‘yicha yillik qarz summasining yarmidan oshib ketmasligi lozim.

Shu o‘rinda, Markaziy bank tomonidan barcha kredit tashkilotlariga 2020 yil 1 oktyabrga qadar:

- koronavirus infeksiyasining tarqalishi va uning oldini olish uchun joriy etilgan karantin rejimi faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan qarzdor - jismoniy shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning murojaatlariga asosan real daromadlari va imkoniyatlari hamda vaqtinchalik moliyaviy qiyinchiliklarni bartaraf etish muddatlaridan kelib chiqib, kredit bo‘yicha to‘lovlarini qaytarish yuzasidan imtiyozli davr berish masalasini ko‘rib chiqish;

- jismoniy shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning muddati o‘tgan qarzdorliklarning kechiktirilishida jarima sanksiyalarini qo‘llamaslik hamda undiruvni kredit ta’minotiga qaratmaslik borasida tavsiyalar berildi.

Savolga Markaziy bankning Samarqand viloyati bosh boshqarmasi bosh yuriskonsulti T.QODIROV javob berdi.