Karim Saidov yaratgan maktab vakillari mamlakatimiz iqtisodiyoti ravnaqiga xizmat qilmoqda

Shunday insonlar bo‘ladiki, ularning hayot yo‘li boshqalar uchun uchun namuna maktabi vazifasini o‘taydi. Samarqandlik taniqli olim, iqtisod fanlari doktori, professor Karim Saidov xuddi shunday olim insonlar sirasiga kiradi.

Karim Saidov 1928 yilning 14 yanvarida Samarqand shahrida oddiy xizmatchi oilasida tug‘ildi. O‘rta maktabda ta’limni olgach, tojik pedagogika bilim yurtiga o‘qishga kirdi. Ikkinchi jahon urushi sabab pedagogika bilim yurti vaqtinchalik yopilgach, Saidovlar oilasi Urgut shahriga ko‘chib ketishadi va yosh Karim shu yerdagi maktabda o‘qishni davom ettiradi. 1944-1945 yillarida o‘zi o‘qiyotgan maktabda kutubxonachi, maktab yoshlar qo‘mitasining kotibi bo‘lib ham faoliyat yuritadi.

Bilimga chanqoq K.Saidov Samarqanddagi Maksim Gorkiy nomidagi o‘qituvchilar tayyorlash institutiga o‘qishga kiradi. 1947 yilda institutni tugatgach, yo‘llanma bilan Urgut tumanidagi 1-sonli maktabga o‘qituvchilikka yuboriladi. Shu yili O‘zbekiston davlat universitetining tarix fakultetining sirtqi bo‘limiga ham o‘qishga kiradi.

Karim Saidov 1955 yilda tahsilni tamomlagach, universitet ilmiy kutubxonasida, keyinchalik “Siyosiy iqtisod” kafedrasining kabinet mudiri bo‘lib ishlaydi. 1960 yilda Moskva davlat universiteti aspiranturasiga o‘qishga kiradi. Ikki yildan so‘ng nomzodlik dissertatsiyasini himoya qiladi.

Izlanuvchan olim 1976 yilda doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qiladi va uch yildan so‘ng unga professor unvoni beriladi.

Karim aka 1979 yilda SamDU qoshidagi ijtimoiy fanlar o‘qituvchilarini malakasini oshirish fakulteti dekanligiga tayinlandi. Oradan to‘rt yil o‘tib, O‘zbekiston Fanlar akademiyasini Samarqanddagi ilmiy markazini tashkil etidsha bosh-qosh bo‘ldi. Natijada professor samarqandlik olimlarni istiqbolli ilmiy dasturlarni yaratish va ko‘p qirrali ilmiy tadqiqotlarini olib borish maqsadida shu ilmiy markaz raisining o‘rinbosari etib tayinlandi.

1986-1993 yillarda Karim Saidov siyosiy iqtisod kafedrasi mudiri sifatida kafedraning o‘quv-ilmiy, uslubiy faoliyatini boshqarish bilan bir qatorda uning salohiyatini oshirishga qaratilgan bir qator ishlarga rahbarlik qildi. Yangilikka o‘ch domla universitetning amaliy matematika fakulteti tarkibida iqtisodiyot bo‘limini tashkil etishda ham jonbozlik ko‘rsatdi. Keyinchalik nazariy iqtisodiyot kafedrasi mudiri sifatida o‘qituvchi kadrlar malakasini oshirishga katta hissa qo‘shdi. 1997 yilda esa yangi tashkil etilgan iqtisodiyot fakultetining birinchi dekani etib tayinlandi.

Karim aka Fransiyada bo‘lib o‘tgan “Dialog-89” dasturi doirasida o‘sha paytdagi Fransiya prezidenti Fransua Mitteran bilan uchrashdi. Tuluzalik fermerlar bilan O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy hayoti va turmush darajasi haqida suhbatlar o‘tkazib, ma’ruzalar qildi. 1994 yili uning tashabbusi bilan AQShning tinchlik  korpusida iqtisodiyotning turli sohalari bo‘yicha maxsus kurslar tashkil etildi. Shuningdek, Samarqandda tashkil etilgan menejment bo‘yicha boshqaruv kadrlarini tayyorlaydigan Xalqaro o‘quv markazida 9 yil ichida 10 mingdan ziyod mutaxassis kadrlar qayta tayyorlandi. Toshkent va Moskva shaharlaridan “Yevraziya” jamg‘armasi tomonidan yangi darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari olib kelindi. Vashington universiteti, AQSh tinchlik korpusi va respublika davlat mulk qo‘mitasining viloyat boshqarmasi tomonidan yuzlab darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari hamda boshqa ilmiy adabiyotlar sotib olinib, fakultetning o‘quv kabinetiga berildi.

Professor K.Saidov o‘z umrini 50 yildan ortig‘ini ilmiy faoliyatga bag‘ishladi. Uning ilmiy tadqiqotlarining asosiy mavzulari –  iqtisodiyot, aholining turmush darajasi, ijtimoiy himoya, ta’lim, aholi bandligi va taqsimot munosabatlarining takomillashtirilishi bilan bog‘liq edi.

Karim Saidovning 250 dan ortiq ilmiy maqolasi va 4 ta monografiyasi nashr etilgan. Uning rahbarligida 15 nafar tadqiqotchi nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Domlaning hayot yo‘li ko‘plab iqtidorli iqtisodchilar uchun o‘rnak bo‘ladi.

B.Boboqulov,

Sh.Yo‘ldoshev,

iqtisod fanlari nomzodlari.