Kasaba uyushmasi xodimlar manfaatini ko‘zlaydi

2015 yilda 301 ta tashkilot kasaba uyushmasining boshlang‘ich qo‘mitalariga qamrab olingan bo‘lsa, ayrim tashkilotlarning tugatilishi hisobidan shu yilga kelib 296 ta qoldi. Ularda ishlovchilar soni 17 390 nafarni tashkil etmoqda. Bu haqda O‘zbekiston ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Samarqand shahar kengashining onlayn tarzda o‘tkazilgan V konferensiyasida aytildi.

Unda Samarqand shahar kengashi raisi B.Namazovning besh yillik axboroti tinglandi. Unga ko‘ra, shahar kasaba uyushma byudjeti hisobidan kasaba uyushma a’zolarini sog‘lomlashtirish maqsadida jami 612 dona turli sihatgohlarga imtiyozli yo‘llanmalar ajratilgan. Buning uchun 600 million so‘mdan ko‘proq mablag‘ sarflangan. Bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlariga 3304 nafar bolajonlar jalb etilib, ularga 370 millon so‘mdan ortiq mablag‘ sarflangan.

O‘tgan davrda tashkilot va muassasalar tomonidan qabul qilinayotgan jamoa shartnomalari orqali har bir xodim olgan bevosita va bilvosita daromad miqdori ikki barobarga oshgani aytildi. Jumladan, hisobot davrida jamoa shartnomasida ko‘zda tutilgan qo‘shimcha imtiyozlar hisobiga har bir xodimga 3-8 kundan iborat haq to‘lanadigan qo‘shimcha ta’tillar berib kelindi va bu maqsadlarga ish beruvchi hisobidan mablag‘lar to‘g‘ri sarflangani ta’kidlandi.

Shuningdek, 35 marotaba boshlang‘ich tashkilotlarda ko‘rik-tanlovlar o‘tkazilib, ularda 570 nafar kasaba uyushmasi a’zolari ishtirok etgani va 15 martda ishchi-xodimlarning mamlakat bo‘ylab tarixiy obidalarga sayohatlari uyushtirilgan.

Bulardan tashqari, faoliyati qoniqarli, ijobiy ko‘rsatkichlarga erishgan boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari ish tajribalarini ommalashtirish maqsadida shu tashkilotlar bazasida o‘quv-amaliy seminarlar tashkil etish, natijalarni onlayn tarzda barcha boshlang‘ich tashkilotlariga yetkazish masalasida ham kelishib olindi. Tashkilotlar ishchi-xodimlari o‘rtasida madaniy-ma’rifiy yo‘nalishda davra suhbatlari, uchrashuvlar ko‘lamini kengaytirish, sport tadbirlarini tashkil etish orqali xodimlarning salomatligini ta’minlashga ko‘maklashishga erishish kerakligi bildirildi.

Ammo yig‘ilishda boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitalari tomonidan jamoa shartnomasining bandlari to‘liq bajarilmagani bo‘yicha e’tiroz bildirildi.

Xususan, ayrim tashkilotlar xodimlari uchun berilishi kerak bo‘lgan imtiyozdan foydalanmagan. Kasaba uyushmasi qo‘mitasining tegishli komissiyasi bu borada yetarli ish olib bormagan, belgilangan tadbirlarni o‘z vaqtida bajarmaslik yoki kechikib bajarish holatlari hali ham uchrayotgani tanqid qilindi. Nomigagina jamoa shartnomasini yildan-yilga ko‘chirib tuzib qo‘yadigan tashkilotlar ham yo‘q emasligi aytildi.

Yig‘ilish yakunida kengashning 2015 yil maydan 2020 yil iyulgacha bo‘lgan hisobot davridagi faoliyati qoniqarli deb topildi. Shuningdek, delegatlar tomonidan amaldagi kengash raisi bo‘lib ishlagan Baxtiyor Namozov keyingi besh yilga O‘zbekiston ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Samarqand shahar kengashi raisi etib saylandi.

Husan ELTOYeV.