Kattaqo‘rg‘on tumanida tibbiyot xodimlari qasamyod qildi
Xususan, davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilinayotgan sohaga oid qaror va farmonlar tibbiyotni yanada rivojlantirish, malakali tibbiyot xodimlarini tayyorlash va ularni munosib rag‘batlantirishni takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ayniqsa, viloyat, shahar va tumanlarda ham tibbiyot sohasini tubdan isloh qilish, bemorlarga zamonaviy va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish masalalariga alohida e’tibor berilmoqda. Bu borada zarur chora-tadbirlar olib borilmoqda.
Jumladan, viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi E.Turdimovning viloyat tibbiyot xodimlari bilan uchrashuvlarida sohadagi kamchiliklar, yechimini kutayotgan muammolar va ularning kelgusida bartaraf etish yuzasidan tanqidiy fikrlar bildirildi.
– Tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda soha xodimlari mehnatiga haq to‘lash tizimini takomillashtirish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilib, buning uchun davlat va mahalliy byudjetdan ajratilayotgan mablag‘ salmog‘i oshdi. Shahar va qishloqlarimizda yangi zamonaviy tibbiyot muassasalari tashkil etildi. Sohada xususiy tarmoqning roli kengaymoqda. Endi soha xodimlari ham eskicha ish uslublaridan voz kechib, zamon talablariga mos faoliyat ko‘rsatishi lozim. Asosiy maqsad – xalqimizga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, ularning tizimdan roziligiga erishish bo‘lishi kerak, – deya ta’kidladi viloyat rahbari.
Kattaqo‘rg‘on tumanida ham ushbu belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan chora-tadbirlar boshlandi.
Avvalo, tibbiyot xodimlarining mas’uliyatlarini oshirishga e’tibor qaratildi.
Shu munosabat bilan joriy yil 20 noyabr kuni tuman tibbiyot birlashmasining 150 nafar shifokori va 150 nafar hamshiralari tuman mutasaddilari, keng jamoatchilik oldida qasamyod qabul qildi.
– Tumanimizdagi shifokor va hamshiralar inson salomatligini asrashga, bu yo‘lda bor bilimlarini ayamaslikka qasamyod qilishdi, – deydi tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Olim Xo‘jamberdiyev. – Bu ularning mas’uliyatini, fidoyiligini oshirishga xizmat qiladi. O‘ylaymanki, har bir tibbiyot xodimi ushbu qasamyodiga sodiq qoladi.
Jahongir SAFAROV.