Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Gavhar Alimovaning bloger Ulug‘bek To‘rayevning videomurojaati bo‘yicha munosabati
Kattaqo‘rg‘on shahrida ish boshlaganimga bir oydan oshdi. Ushbu qisqa davrda buyuk tarixi, ma’naviy-adabiy muhiti bilan o‘ziga xos o‘rin tutgan ko‘hna bu shaharga mehrim tushdi. Shaharning mehridaryo va mehnatkash xalqini sevib, shu aziz maskanni obod va ko‘rkam etishga bel bog‘ladim. Shunday ajoyib xalqi bo‘lgan qadim shaharda ishlayotganimdan faxrlanaman.
Afsuski, guruch ko‘rmaksiz bo‘lmaganidek, shu ajoyib xalq ichida ham soxta va sun’iy shuhrat istab, noxolis axborot tarqatuvchi kishilar ham bor ekan.
Ular barmoq bilan sanarli bo‘lib, turli mish-mishlar, ig‘volar tarqatish, videoroliklar vositasida biz umid bilan boshlayotgan faoliyatimizga soya solib, ruhiy bosim o‘tkazishga, aholida noto‘g‘ri fikrlar shakllanishiga va bu orqali norozigarchilik uyg‘otishga harakat qilishmoqda.
Kattaqo‘rg‘onda bir guruh to‘dalar bor ekan...
Ular tomonidan Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi vazifasini bajaruvchiga, ya’ni menga ham tazyiq, tuhmatlar uyushtirishlar, o‘zlarini izmiga tushirishga bo‘lgan harakatlar boshlandi.
Kuni kecha Ko‘hnadam mahallasiga borib, obodonchilik, ko‘kalamzorlashtirish masalasida mahalla faollari bilan suhbatlashishim jarayonida fuqarolar mahallaga boshqarish qobiliyatiga ega bo‘lgan, xalq muammolari yechimini topa oladigan, adolatli, o‘z ortidan xalqni ergashtirib, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsata oladigan mahalla fuqarolar yig‘ini raisi tayinlash masalasini ko‘tarishdi.
Muhtaram Prezidentimizning 2020 yil 18 fevraldagi PF-5938-sonli farmoniga binoan shahar hokimi bu masalada tashabbus ko‘rsatishga haqli.
Kattaqo‘rg‘on xalqi bilan birlashib, ko‘p xayrli ishlarni boshlab yubordik. Mahallalarni obodonlashtirish-rivojlantirish yo‘lida fuqarolarimiz yelkadoshlik qilib turgan vaqtda, ba’zilarning qitmir o‘yinlari o‘tmay qoldi.
Mahallalardagi ishlarimizga esa bloger Ulug‘bek To‘rayev noxolis baho berib, menga axborot yo‘llagan.
Ochiq oydin tahdidli, har xil fitnalardan iborat video tayyorlab, qo‘rqitmoqchi bo‘lganday harakatlar qilayotgan Ulug‘bek To‘rayev kim o‘zi? Bilishimcha, ilgari ishlagan hokimlarga ham bosimlar o‘tkazishga harakat qilganlarning orasida u ham bo‘lgan.
Biz, ya’ni bugun men bilan birga yelkama-yelka ishlayotgan jamoa a’zolari ochiqlik tarafdorimiz!
Mayli, To‘rayevlar menga video tashlamay xohlagan sahifalariga qo‘yaversin. Bir muddat oldin ham xorijiy saytlarga videolavhalar chiqarib, keyin ma’lumotlari asossiz ekanligi uchun kechirim so‘ralgan videosini ham tayyorlagan u edi. Xo‘sh, endichi?
Menga kim ochiq yuz bilan kelsa, soha mutasaddilari, oqsoqollar bilan maslahatlashib, albatta, masala yechimini ijobiy tomonga yechishga harakat qilaman. Bil’aks, zimdan turli videolar tayyorlab, turli ijtimoiy tarmoqlarda tarqatadigan Ulug‘bek To‘rayevga o‘xshaganlarning izmida yurmayman.
Bundan bir necha yil oldin mahallani boshqarganda Ulug‘bek To‘rayevning o‘zi nima karomat ko‘rsatgan edi? Afsuski, bu savollarga aniq javobning o‘zi yo‘q.
Ulug‘bek To‘rayev sizni o‘yinlaringiz endi o‘tmaydi! Men Kattaqo‘rg‘on xalqiga xizmat qilaymi yoki sizgami? Men ochiqlik siyosati tarafdoriman!
Xolis bahoni xalqning o‘zi beradi.
Muhtaram Prezidentimizning katta ishonchini oqlash, shu qutlug‘ o‘lkani obod maskanga aylantirish yo‘lida jonim bilan xizmat qilaman.
Bu mas’uliyatli vazifani ado etishda aziz shahrimizning ma’rifatli va ziyoli, fidoyi va vatanparvar xalqiga suyanman.
Buyuk Yaratgan zot barchaga insof bersin.