Kattaqo‘rg‘onda aliment to‘lashdan bo‘yin tovlagan yigitga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Kattaqo‘rg‘on tuman Qoradaryo qishlog‘ida yashovchi, 1995 yilda tug‘ilgan T.N. 2020 yil 1 mart kuniga qadar alimentdan bo‘lgan qarzdorligini to‘lab berishdan qasddan bo‘yin tovlab kelganligi uchun Kattaqo‘rg‘on tumani ma’muriy sudi tomonidan tayinlangan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosini o‘tab chiqqan.
Ushbu shaxs ma’muriy ta’sir chorasidan o‘ziga tegishli xulosa chiqarmasdan, 2020 yilning mart, aprel, may, iyun va iyul oylari uchun ham hisoblangan aliment pullari to‘lamasdan kelib, moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlashda ifodalangan jinoyatni qasddan sodir qilgan.
T.N.ga nisbatan Kattaqo‘rg‘on tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 122-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deb xabar berdi Samarqand viloyati IIB axborot xizmati.