Kattaqo‘rg‘onda “Ingichka boyitish fabrikasi” foydalanishga topshirildi
Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 25 avgustdagi “2022-2026 yillarda “Olmaliq KMK” AJning “Nodir metallar va qattiq qotishmalar” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasining rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinib, uning ijrosiga ko‘ra Samarqandda “Ingichka volfram koni”ning texnogen chiqindilarini qayta ishlash uchun OKMKga yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqini beruvchi ruxsatnoma taqdim etilgan edi.
Shunga ko‘ra, Kattaqo‘rg‘on shahridagi Ingichka shaharchasida “Ingichka boyitish fabrikasi” ishga tushirildi. Korxonaning ochilish marosimida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov, Oliy Majlis Senati a’zosi, “Olmaliq kon metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Abdulla Xursandov ishtirok etdi.
Ta’kidlanishicha, Vazirlar Mahkamasi qarori ijrosini ta’minlash borasida “Ingichka” volfram konining texnogen chiqindilarini qayta ishlash, volfram konsentratini ajratib olish hisobiga yangi turdagi yuqori qo‘shilgan qiymatli eksportbop mahsulotlarni ishlab chiqarish ishlari bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilgan.
Jumladan, kombinat mutaxassislari tomonidan mazkur ob’yektda respublikada ilk marotaba volfram tarkibli texnogen chiqindilarni qayta ishlash texnologiyasi sanoat miqyosida yo‘lga qo‘yildi. Mazkur texnologiyaning sanoatga tatbiq etilishi natijasida joriy yilning avgust oyida ushbu konda ilk mahsulot olinishiga erishildi hamda ushbu mahsulotga xalqaro sertifikat berildi.
“Olmaliq KMK" AJ tarkibidagi “Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi”ning rivojlanish dasturiga asosan Ingichka konining qoldiqlaridan yiliga 150 tonna quvvatga ega volfram konsentratini 35 foiz WO3, ya’ni volfram oksidi bilan boyitish rejalashtirilgan. Keyinchalik, “Ingichka” konining qoldiqlari ishlab chiqarishga to‘liq jalb qilinganda yiliga 100 tonna volfram metalli olinadi.
Texnologiya joriy etish natijasida 2023 yil birinchi bosqichda 5,7 mlrd. so‘mlik 100 tonna va 2024 yilda 13,7 mlrd. so‘mlik 285 tonna (o‘rtacha 28 foizlik WO3) volfram konsentrati olinadi. Shu bilan birga, 2023 yilda qo‘shimcha eksportbop umumiy qiymati 1,8 mln. dollarlik 27,0 tonna volfram shtabiklari va mahalliylashtirish dasturi doirasida volfram tarkibli 27,9 mlrd. so‘mlik 36,0 tonna qattiq qotishmalar, asboblar (keskich, parma) ishlab chiqariladi.
- Ingichka volfram koni Zirabuloq tog‘larining janubiy-sharqiy etaklarida joylashgan bo‘lib, hududda o‘rtacha 0,082 foizlik 19 771 ming tonna hajmdagi volfram tarkibli chiqindilar mavjud, - deydi A.Xursandov. - Ularning tarkibidan oyiga 9-10 tonnagacha volfram konsentratini olish mumkin. Chiqindilarni qayta ishlash, volfram konsentratini ajratib olish hisobiga yangi turdagi yuqori qo‘shilgan qiymatli eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishga erishiladi. Bu yiliga kombinatga 2,0 mln. dollar foyda keltiradi.
Ushbu ob’yektning ishga tushirilishi o‘z navbatida hududni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlari birinchi bosqichda 82 ta va ikkinchi bosqichda 200 ta yaratish, aholi daromadlarini ko‘paytirish va farovonlikka xizmat qiladi.
Fazliddin Ro‘ziboyev.