Kattaqo‘rg‘onda Kattaming va Moybuloq oilaviy poliklinikalarida yangi kechayu-kunduz reabilitatsiya bo‘limlari faoliyat boshladi

Kattaqo‘rg‘on tumani aholisi uchun yana bir muhim qadam tashlandi — Kattaming va Moybuloq mahallalarida joylashgan oilaviy poliklinikalar tarkibida 20 o‘rinli zamonaviy kechayu-kunduz reabilitatsiya bo‘limlari tashkil etildi.
Ilgari ushbu poliklinikalar faqatgina kunduzgi tibbiy xizmatlarni amalga oshirgan bo‘lsa, endilikda ularda statsionar tibbiy xizmat yo‘lga qo‘yilib, aholiga uzluksiz tibbiy yordam ko‘rsatish imkoniyati yaratildi.
Ochilish marosimida tuman hokimi Jamshid Nasriddinov, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Suxrob Zayniyev, tibbiyot xodimlari va mahalla faollari ishtirok etib, yangi bo‘limlar ahamiyati, ular orqali aholi salomatligini mustahkamlashda erishiladigan natijalar haqida to‘xtalib o‘tishdi.
Reabilitatsiya bo‘limlari zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan bo‘lib, UTT, laboratoriya, fizioterapiya muolajalari, stomatologik, akusher-ginekologik, jarrohlik va boshqa yo‘nalishlarda xizmat ko‘rsatadigan malakali mutaxassislar faoliyat yuritadi.
Ushbu yangilik Kattaqo‘rg‘on tumani tibbiyotida amalga oshirilayotgan islohotlar va aholiga qulay sharoit yaratishga qaratilgan amaliy ishlar samarasidir.