Kattaqo‘rg‘onda o‘g‘irlik sodir qilib yurgan jinoiy guruh qo‘lga olindi

10 fevral kuni Kattaqo‘rg‘on shahar IIBga Kattaqo‘rg‘on tumani Shiypon qishlog‘ida yashovchi fuqaro ariza bilan murojaat qilib, Kattaqo‘rg‘on shahar Alisher Navoiy ko‘chasida joylashgan qo‘l telefoni va uning ehtiyot qismlari sotiladigan do‘konga noma’lum shaxs o‘g‘rilikka kirib, 8 million so‘mlik telefon apparatlarini olib ketganligini ma’lum qilgan.

Ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida mazkur jinoyat muqaddam Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘irlik) 2-qismi bilan sudlangan, ichki ishlar organlarining qidiruvida bo‘lgan 1997 yilda tug‘ilgan, Toshkent viloyati Bekobod tumani Abbosova ko‘chasida yashovchi, D.Sh., 2003 yilda tug‘ilgan, shu manzilda yashovchi, A.Sh., 2006 yilda tug‘ilgan, Jizzax viloyati Jizzax shahri “Ittifoq” mahallasida yashovchi M.R., 2004 yilda tug‘ilgan, Sirdaryo viloyati Sirdaryo shahrida yashab kelgan Q.B.lar tomonidan sodir etilganligi aniqlandi. Ulardan 3 dona “Inoyi” rusumli hamda 1 dona “J-2” rusumli qo‘l telefonlari daliliy ashyo sifatida hujjatlashtirib olingan.

Bundan tashqari, ushbu shaxslar bilan olib borilgan tezkor-surishtiruv ishlari natijasida ular 2021 yilning 8 fevral kuni Kattaqo‘rg‘on tumani Navbahor mahallasi Mullakichkina qishlog‘ida yashovchi fuqaroga tegishli bo‘lgan savdo do‘koniga g‘ayriqonuniy ravishda kirmoqchi bo‘lgan vaqtida, jabrlanuvchi kelganligini ko‘rib qolib, o‘zlariga bog‘liq bo‘lmagan holda jinoyatni oxiriga yetkaza olmaganliklari aniqlandi.

Samarqand viloyati IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘irlik) 2-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.