Kattaqo‘rg‘onda yana qulupnay pishdi

Tumanda qulupnaychilik sohasi izchil rivojlanmoqda. Endilikda bu daromadli va bozorbop yo‘nalish faqat bahorda emas, balki kuz faslida ham mo‘l hosil bilan quvontirmoqda.

Tumanda aholiga 1916 gektar yer maydoni dehqon xo‘jaliklari sifatida ajratilgan bo‘lib, bu hududlarda 5 mingdan ortiq oila turli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bilan band. Ayni vaqtda ular orasida qulupnaychilikka ixtisoslashgan dehqonlar soni ortib bormoqda.

Valijon mahallasida yashovchi Asomiddin Nurquvvatov tajriba asosida “Charli” navli qulupnayni 60 sotix yer maydonida parvarishlamoqda. Ushbu navning afzalligi shundaki, bahorda birinchi hosilni bergandan so‘ng, sentyabr va oktyabr oylarida yana pishib, yetiladi. Bu esa dehqon uchun yilning ikki faslida ham daromad olish imkonini beradi.

— Biz yetishtirgan qulupnayning har kilosi o‘rtacha 40-45 ming so‘mdan sotilmoqda. “Charli” navi serhosilligi, mazaliligi va uzoq saqlanish xususiyati bilan ajralib turadi, — deydi Asomiddin aka.

Hozirda tumandagi bir qancha dehqon xo‘jaliklari va tomorqa egalari qulupnayning “Charli”, “Toshkent”, “Viktoriya” kabi navlarni sinab ko‘rmoqda. Tajriba natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, to‘g‘ri agrotexnika va parvarish orqali qulupnaydan yuqori hosil olish mumkin.

Jahongir Safarov.