Kattaqo‘rg‘onda yoshlarning sportga qamrovi o‘n foizga oshdi, lekin...
Olis hududlardagi sport inshootlarining holati va maktablarda yoshlarning shug‘ullanishi uchun yaratilgan sharoitlarni o‘rganish maqsadida Kattaqo‘rg‘on tumanida bo‘ldik. Tumanda 103 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi, bitta sport maktabi va muassasaga qarashli 2 ta stadion bor.
- Maktablarning 38 tasi gazlashgan, 65 tasi ko‘mir bilan isitiladi, - deydi tuman xalq ta’limi bo‘limi metodisti Mansur Boboyev. – Joriy yil 1859 tonna ko‘mir oldik va maktablarga tarqatdik. 14 ta maktabdagi eskirgan qozonlar yangisiga almashtirilib, mo‘rikonlar tozalandi. Hozirda barcha muassasalar isitilmoqda.
Tumanda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish maqsadida 9,5 kilometr salomatlik, 9,5 kilometr veloyo‘lak, 1 ta stritbol, 7 ta “Workout” maydonchasi foydalanishga topshirilgan. Qurilish ishlariga 7 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflanibdi.
- Kattaqo‘rg‘onda 7-30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar soni 121 ming nafarni tashkil qiladi, - deydi tuman sportni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Sarvar Tog‘ayev. – O‘tgan yil 26 ming nafar, ya’ni 11 foiz yoshlar sportga jalb qilingan edi. Joriy yil “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida 41 mingdan ziyod, ya’ni 21 foiz yoshlar qamrab olindi va bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 10 foizga oshdi. Shuningdek, yoshlarimiz Osiyo chempionatida bittadan kumush va bronza, O‘zbekiston chempionatida 5 ta oltin, 6 ta kumush, 7 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi.
Shu o‘rinda aytish kerakki, yutuqlar bilan birga, sohada yechimini kutayotgan muammolar ham bor. Jumladan, tumanda 280 ming aholi yashaydi. Shuning hisobiga olimpiya sport turlari kamida 20 dan ortiq bo‘lishi kerak. Ammo bizda 12 ta olimpiya sport turi bor, xolos. Shuningdek, tumanimizdagi 103 ta maktabdan 68 tasida sport zal bo‘lsa, 35 tasida yo‘q, 10 tasi esa ta’mirtalab.
Kattaqo‘rg‘onda yoshlarni sportga jalb qilish, jismoniy tayyorgarlik darajasini oshirish bo‘yicha bir qator amaliy ishlarga qo‘l urilgan va yaxshi natijalarga ham erishilgan. Ammo umumiy o‘rta ta’lim muassasalaridagi va sohada mehnat qilayotgan mutaxassislarni qiynab kelayotgan muammolarga barham berilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.