Kattaqo‘rg‘ondagi tergov hibsxonasida tibbiy ko‘rik o‘tkazildi

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakilligi tomonidan Kattaqo‘rg‘on shahrida joylashgan 7-sonli tergov hibsxonasiga navbatdagi monitoring tashrifi amalga oshirildi.
Jamoatchilik va OAV vakillari ishtirok etgan ushbu monitoring doirasida mahkumlar uchun tibbiy ko‘rik ham tashkil etildi.
Tibbiy ko‘rikka viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasining 16 nafar shifokorlar guruhi va 2 ta avtobusda o‘rnatilgan ko‘chma mobil oftalmolog, ultratovush, EKG va laboratoriya uskunalari jalb etildi.
Ombudsmanning Samarqanddagi mintaqaviy vakiliga ushbu tergov hibsxonasidan mahkumlar tomonidan yuborilgan murojaatlarda ularning sog‘lig‘idan shikoyatlari borligi va dori-darmonlarni vaqtida ololmayotganliklari qayd etilgan edi. Shu sababli mazkur tibbiy ko‘rik tashkil etilib, unda 421 nafar mahkum shifokorlar ko‘rigidan o‘tkazildi.
Shuningdek, 7-sonli tergov hibsxonasi rahbari va tibbiy bo‘lim boshlig‘i bilan suhbat o‘tkazilib, 141 turdagi dori-darmonlar mavjudligi aniqlandi. Hibsxonada saqlanayotganlarning sog‘lig‘i yomonlashganda kerakli dori vositalarining berilishining nazoratga olinishi tavsiya qilindi.
Monitoring davomida voyaga yetmaganlar, ayollar va erkaklar kamerasi ko‘zdan kechirildi. Ba’zi kameralarda yoritgichlar kuygani oqibatida yorug‘lik yetishmasligi aniqlandi va shu kunni o‘zida yoritgichlar almashtirildi.
Bundan tashqari, 78 nafar ayblanuvchi va mahkumlar bilan jamoaviy, 11 nafari bilan yakka tartibdagi suhbatlar o‘tkazildi.