Kattaqo‘rg‘onliklar “Charm to‘p”da respublikada bellashadi

Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida 13-14 yoshlilar o‘rtasida mini futbol bo‘yicha “Charm to‘p” musobaqasining mintaqaviy bosqichi o‘tkazildi.

Bellashuv Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan yoshlar bilan ishlashni samarali tashkil etishda madaniyat, san’at, sport, axborot texnologiyalari, kitob o‘qishga qiziqishni oshirish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbusi ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.

Unda Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand viloyatlaridan jamoalar yashil maydonda bahsga kirishdi.

Musobaqa natijasiga ko‘ra, Kattaqo‘rg‘on tumanining Qumoq mahallasi, “Qumoq” jamoasi birinchi o‘rinni egallab, “Charm to‘p” an’anaviy futbol musobaqasining respublika bosqichi yo‘llanmasini oldi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlar Qashqadaryoning Kasbi tumani, Qatag‘on mahallasi, “Yosh kuch” jamoasiga, Surxondaryo viloyati, Sherobod tumanining Qo‘rg‘on mahallasi, “Qo‘rg‘on” jamoasiga nasib etdi.

Axror Shamsiyev.