Kecha talaba edi, bugun shifokor

Marosimda institut rahbariyati, sog‘liqni saqlash muassasalari va keng jamoatchilik vakillari mamlakatimiz tibbiyot tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘z yuritdi.
– Asosiy maqsad aholiga yuqori sifatli, zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatish ekan, bu vazifani amalga oshirishda soha xodimlarining bilim va malakasi, o‘z kasbiga sadoqati muhim o‘rin tutadi, – dedi Samarqand davlat tibbiyot instituti bo‘lim boshlig‘i Ya.Allayorov. – Shu sababli bu yil Prezidentimiz tashabbusi bilan soha uchun kadrlar tayyorlayotgan oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari muddatidan oldin yakuniy davlat attestatsiyasini topshirdi va asosan o‘zlari tug‘ilib o‘sgan hududdagi birlamchi tibbiyot muassasalariga ishga yo‘llanma oldi. Institutimizning tibbiy pedagogika, davolash va pediatriya yo‘nalishlari hamda klinik ordinaturaning 300 nafardan ortiq bitiruvchisi ham ertadan boshlab sog‘liqni saqlash muassasalarida ish boshlaydi.
Tadbirda bitiruvchilar el salomatligi yo‘lida fidokorona mehnat qilishga tantanali qasamyod qildi. Yetti yil davomida puxta bilim bergan, kasb sirlarini o‘rgatgan ustozlariga minnatdorlik bildirdi.
– Qashqadaryo viloyati Koson tumanida tug‘ilib o‘sganman, – deydi Obodon Ro‘zimurodova. – Bugun institutni bitirib, shifokorlik qasamyodini qabul qildim va Guvalak qishlog‘imizdagi oilaviy poliklinikada umumiy amaliyot shifokori sifatida ishlash uchun yo‘llanma oldim. Qishlog‘imiz aholisiga tibbiy xizmat ko‘rsatish, institutda olgan bilimlarimni amaliyotda qo‘llash men uchun katta sharaf. Xalqimiz salomatligini mustahkamlashga hissa qo‘shib, ustozlarim ishonchini oqlasam, o‘zimni baxtli his qilaman.
– Samarqand davlat tibbiyot institutining davolash fakultetini bitirdim, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanida tug‘ilgan Ruslan Uteniyazov. – Yetti yil davomida bu yerda o‘z yo‘nalishim bo‘yicha zamon talablari darajasida tahsil oldim. Buning uchun davlatimizdan, ustozlarimdan minnatdorman. Endi To‘rtko‘l tumani tibbiyot birlashmasi poliklinikasida ish faoliyatimni boshlayman. Bugun Prezidentimiz xalqimiz salomatligini muhofaza qilish, aholiga zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatishga katta e’tibor qaratayotgan ekan, men ham bu mas’uliyatni chuqur his qilgan holda ishlashga va’da beraman.
Yosh shifokorlar institut vakillari hamrohligida hududlarga kuzatildi.