Kechagi mahalla posboni bugun profilaktika inspektori
Gap toyloqlik No‘’monjon Bekmurodov haqida bormoqda. U bolaligidan ichki ishlar xodimlari libosini kiyishni orzu qilgan. Ulg‘ayib, bu orzu maqsadga aylandi. Samarqand qishloq xo‘jalik institutini bitirib, o‘zi yashaydigan qishloq yaqinidagi Adas mahallasida posbon, ya’ni hudud osoyishtaligi yo‘lida faoliyat ko‘rsatadigan profilaktika inspektori yordamchisi bo‘lib ishlay boshladi. No‘’monjonning shijoati va mehnatsevarligini sezgan tuman ichki ishlar bo‘limi xodimlari uni shu tizimda ishlashga taklif qildi. Sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tib, faoliyatini tumanning eng chekka hududi O‘ray-Elipok mahallasi profilaktika inspektori vazifasidan boshladi.
U kunni mahalla raisi bilan hududdagi muammolarni o‘rganish va mavjud masalalarga yechim topishdan boshlaydi.
- Osoyishtalikni ta’minlash bir kishining ishi emas, - deydi N.Bekmurodov. – Bu borada menga shu hududdagi faollar yaqindan yordam beradi. Ayniqsa, mahalla raisi Farhod Mavlonov doim yonimda. Hamkorlikda huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshiramiz. Jinoyatchilik bekorchilikdan kelib chiqishini anglagan holda aholini, ayniqsa, yoshlarni ish bilan ta’minlash, voyaga yetmaganlarning vaqtini mazmunli o‘tkazish choralarini ko‘ramiz.
Haftaning har payshanbasida “Huquqbuzarliklarga qarshi kurashish kuni” tadbirlari doirasida hududdagi ta’lim muassasalari va tashkilotlarda profilaktik tadbirlar o‘tkaziladi.
- Bu sharafli kasbning mas’uliyati katta, o‘ziga yarasha mashaqqati ham bor, - deydi N.Bekmurodov. – Avval mahalla posboni bo‘lib ishlaganim hozirda qo‘l kelmoqda. Har kungi ish rejamni bir kun avval ishlab chiqaman. Ba’zida tuzilgan rejalar buzilib ketadi. Ammo qolgan ishga qor yog‘ar, deganlaridek qilinishi kerak bo‘lgan ishlarni ertangi kunga qoldirmaslikka harakat qilaman. Ba’zida yarim tunda chaqiruv bo‘lib qoladi. Masalan, mahalladagi qaysidir xonadonda oilaviy janjal sodir etilishi mumkin. Turli ko‘ngilsizliklarning oldini olish uchun qisqa fursatda yetib boraman. Imkon darajasida hududimizdagi muammolarni faollar yordamida mahalladan tashqariga chiqarmasdan, shu yerning o‘zida hal etishga harakat qilamiz.
No‘’monjon Bekmurodov shu mahallada qariyb bir yildan beri profilaktika inspektori vazifasida faoliyat olib bormoqda. Shu davr mobaynida hududda birorta jinoyat sodir etilmadi. Bu albatta mahalla faollari bilan birga tongdan shomgacha huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini ko‘rganligi, hatto tunda ham hushyorligi, bedorligi samarasidir.
To‘lqin Siddiqov.