Kechiring, poshnali tufli kiymayman endi…

Bu dargohga ilk kelganim kechagidek yodimda. Ayniqsa, Adham akaning xonasi yonidan ayollar tugul yigitlar ham sekin gapirib o‘tar, xonaga kirganda hamkasblarimiz sekin, qariyb pichirlashganday, bir-birlarining ko‘ziga qarab so‘zlashardi...

Har bir korxonaning o‘z tartib-taomillari bo‘ladi, xodimlari bularga ko‘nikadi yoki ularni o‘zgartirishga intiladi yoxud ularga moslashib, uning to‘g‘riligini anglab boradi. Shunday korxonalar borki, u yerda ishingni bajarasan, sening kimliging hech kimni qiziqtirmaydi, faqat ishingni uddalasang, bas. Yana shundaylari borki, u yerda seni hurmat qilishadi, bilmaganingni o‘rgatishadi, sendan ish talab qilishadi.

Bu dargohda esa hammasi o‘zgacha. Bu yerda sen yaxshi xodim bo‘lishing kerakligi talab qilinishi barobarida sening kimliging, o‘y-xayollaring, hayoting, muammolaring ham so‘rab turiladi, mehr ko‘rsatiladi. Necha yillardan buyon shunday, necha o‘n yilliklar, odamlarda vijdon qolmadi, deya yozg‘irilgan yillarda ham bu qadriyatlarga rahna solmadi. «Zarafshon» tahririyatida bu an’analarning uzilmasligiga hissa qo‘shgan USTOZimiz bor edi… U kishiga nisbatan o‘tmish fe’lini qo‘llash qo‘llarni-da qaltiratib yuborsa-da, shunday. Bu inson - nafaqat viloyatda, respublikada o‘z o‘rniga ega jurnalist Adham Hayitov edi.

…Bu dargohga ilk kelganim kechagidek yodimda. Ayniqsa, Adham akaning xonasi yonidan ayollar tugul yigitlar ham sekin gapirib o‘tar, xonaga kirganda hamkasblarimiz sekin, qariyb pichirlashganday, bir-birlarining ko‘ziga qarab so‘zlashardi. Menga bu narsa unchalik ma’qul kelmas, sal erkinroq jamoada ishlaganim tufaylimi, «feodalizm»ga o‘xshaydi bu ishxona, deya noroziligimni yashirolmasdim. Ayniqsa, ba’zi fikrlarimga, ovozim balandroq chiqqanida, oshkor tanbeh berganlarida buni qabul qilishim oson bo‘lmagan.

- Meni otangday bilib, nasihatlarimni to‘g‘ri qabul qil, qizim, uni hammagayam aytmayman, - derdilar… Keyin ko‘p fikrlashadigan, bahslashadigan, tortishadigan bo‘ldik. Men  u kishiga, u kishi menga moslashdi. «Juda o‘jarsan», deb tanbeh berardilar, ammo tanbehlarida otalarcha g‘amxo‘rlik borligini his qilib turardim.

“…Ishingni yaxshi bajarishing juda muhim! Ammo odamgarchilikni unutmaslik kerak, odam taftini odam oladi. Har birlaringni oilangdagi muhitdan xabarim bor, qanaqa havodan nafas olishlaringni his qilib turaman”, derdilar.

Adham aka bor joyda shovqin-suron bo‘lmasdi, u kishi bor joyda allaqanday ulug‘vor sokinlik bo‘lardi. Hamkasblarga ortiqcha gapirmas, xonasiga kirsa, ko‘z qarashidan nima demoqchi bo‘lganini biladigan bo‘lib qolgandik.

…Bugun, kezi kelganda hatto hamkasblar yaxshi maqoladan, ta’sirli suhbatdan hayratlanmay qo‘ygan bir paytda u kishi gazetalardagi zig‘ircha yaxshi ma’lumotni nazardan chetda qoldirmasdi. Bunday e’tiborlilik faqatgina uni o‘qib chiqish bilangina cheklanib qolmas, shogirdimi yoki boshqami, albatta tabriklab qo‘yardi. O‘zi e’tiborli bo‘lgani uchun, e’tiborsizlikdan ranjirdi.

…Shovqin-suron ko‘tarib kelgan shikoyatchilar bilan ham til topishib, unga muloyimlik bilan  o‘zi tushgan vaziyatni tushuntirib qo‘yishlaridan lol qolganman.

…Bu dargohda ishlab ketganlarning barchasi bilan aloqada bo‘lib turishga harakat kilar, ularni chorlagan paytlarimiz shunchalik izzat-hurmat qilardilarki, beixtiyor «namuncha» deb yuborardik. «Butun umrini shu sohaga bag‘ishlagan insonlar nafaqaga chiqqach, xuddi o‘sha yillardagidek kutib olinsa odamga qanchalik yoqishini sizlar hali tushunmaysizlar. Lekin unutmanglar, bu ham odamgarchilik», derdilar.

…Ish yuzasidan tumanlarga borib qaytganimizdan so‘ng albatta qayerga borganimizni, kimlar bilan uchrashganimizni, u yerda bizga qanday munosabatda bo‘lishganini birrov so‘rab qo‘yardilar. Nimadir ma’qul kelmasa, maslahat berar, voqeani to‘lig‘icha bayon qilmasam-da, vaziyatni qanday tushunib olganlariga hayrat bilan qarab o‘tirardim. «Butun viloyatni, qishloqlarni kezib chiqqanman, axir…» derdi. Haqiqatan ham har bir tumandagi vaziyatni yaxshi bilar, odamlarining fe’ligacha aytib berardi.

…Adham aka hayotsevar inson edi. Garchi ko‘rinishdan sokin, bee’tibor ko‘rinsa-da, ammo u kishi uchun hech narsa mayda-chuyda emas edi. Ishlash, yashashning har bir odatini qoyilmaqom tarzda joyiga qo‘yardilar. Shuning uchunmi, oilasi Samarqand shahridagi Mir Said Baraka mahallasining eng namunali oilalaridan bo‘lib, uch o‘g‘illarini ham o‘zlariga o‘xshab tarbiya qilgan, kelinlarini qizlariday ko‘rib, e’zozlaganiga guvoh bo‘lganmiz. Rafiqasi, Mehriniso ayani esa yeru ko‘kka ishonmasdilar. «Hali meni yoshimga yetsalaring, ayolingni kovushini izlab qolasan», derdilar sho‘xroq yigitlarga. Ya’ni, uyga kelganingda bolalaringdan birinchi so‘roving «Onang qani?» degan gap bo‘ladi, demoqchi bo‘lardilar. To‘g‘ri yashash, halol umrguzaronlik, vijdonan mehnat qilishning timsoli edilar Ustoz…

…Salkam yetmish yoshda bo‘lishiga qaramay, tahririyatning eng kichik topshirig‘ini ham yoshlardan ko‘ra tezroq bajarar, ko‘pchilik bundan hayratga tushardi. «Topshiriqmi, topshiriq, birinchi navbatda uni bajarishing kerak, noningni halollab ye» - ko‘p takrorlaydigan gaplari edi. Keyingi oylarda urush qahramonlari haqida turkum maqolalar yozdi. Hammasini joyiga borib, o‘rganib, izlanib qahramonning zamondoshlari bo‘lmasa-da, ular haqida bilgan, eshitgan insonlarni topib, suhbatlashib, juda ta’sirli yozdi. Urush qahramonlariga nisbatan e’tiborsizlikdan ranjib, kuyunchaklik bilan mulohazalar bildirdil Ularning ko‘pchiligi inobatga olinib, bugun tumanlarda bu masalada o‘zgarishlar bo‘lmoqda. Eh-he, qariyb ellik yillik jurnalistik faoliyati davomida bunday ta’sir kuchiga ega maqolalarning qanchasi yozilmadi, deysiz. Jamiyatga illatlar, nopokliklar, muammolar, islohotlar, yaxshi o‘zgarishlar -  bu mavzular Ustozning qo‘lidagi faktlar bilan birlashib, yirik  mulohazali maqolalarni dunyoga keltirar, qalb qo‘ri berilgan bu bitiklar albatta o‘z o‘quvchisini, fikr bildiruvchisini topardi.

…Tahririyatda ishlaydigan xotin-qizlarning hurmatini joyiga qo‘yar, biror tadbirmi, yig‘ilishmi, ularni albatta o‘z o‘rnida hurmat bilan o‘tqazar, boshqa yigitlarning noo‘rin biror munosabatini payqab qolsa ko‘z qiri bilan noroziligini bildirardi. Dasturxon atrofida ham birinchi navbatda ayollarga iltifot ko‘rsatar, yigitlarga bu borada o‘rnak bo‘lardi. Kiyinishda, o‘zini tutishda hech qachon kamchilik topib bo‘lmasdi u kishidan. Sog‘ligida muammo bo‘lsa-da, ko‘rsatmas, «hammasi joyida, o‘zlaringni ehtiyot qilinglar!», deb qo‘yardilar.

…Poshnali tuflilarni kiyib, taqillatib yo‘lakning oxirrog‘ida joylashgan xonamga o‘tardim har kuni. Ish ko‘p kunlari ko‘plab marotaba bunday taqir-tuqir o‘tib-qaytishlar bo‘lardi. «Poshnali tufli kiyma, qizim, miyamga chiqib ketadi, ovozi…», derdilar… Adham akaning xonasi yonidan o‘tayotganimda qadamimni sekinlashtirib o‘tardimu, baribir poshnali tufli kiyaverardim.

Kechiring, Ustoz, poshnali tuflilarim uchun…?!

Gulruh Mo‘minova.