Kechirishni o‘rganishingiz kerak...

Seni kechirdim... Kechirishga loyiq bo‘lganing uchun emas, mening qalbim tinchlikka moyilligi uchun.

Agar birov bizga nohaq munosabatda bo‘lib, qattiq xafa qilsa, xo‘rlasa, dilimiz og‘riydi. Bunday paytda insonni g‘azab, nafrat kabi har xil tuyg‘ular, ba’zida esa qasos olish istagi qamrab oladi. Bu kabi his-tuyg‘ular sizning qasoskor ekanligingizni emas, balki insonga adolatlilik tuyg‘ulari begona emasligining dalolati.

Xafagarchilik bizga faqat ichki azobni keltirib, bundan ham ko‘p zarar yetkazadi. Buni to‘xtatishning yagona yo‘li yovuzlik keltirib chiqargan kishiga yaxshi munosabatda bo‘lishni ongli ravishda his qilib, uni kechirishdir. Bu nihoyatda qiyin qaror va bir kunda sodir bo‘lmaydigan jarayon. Bundan tashqari, siz nafaqat dilozorni kechirishingiz, balki unga sizni ranjitishga yo‘l berganingiz va uni to‘xtatmaganingiz uchun o‘zingizni ham kechirishingiz shart.

Boshqalarni va o‘zingizni kechira olish ongingizning kuchli va moslashuvchan ekanligidan dalolat beradi. Bu kimdir orzularingizning barbod bo‘lishiga va ruhingizni parchalab tashlasa ham siz sinmaysiz, aksincha, shifo topib, o‘z yo‘lingizda harakatlanishda davom etasiz degani.

O‘zingiz bilan uyg‘unlikda yashashingiz uchun siz go‘yoki oyoqlaringizga urib, sizni qulatadigan dengiz to‘lqinlarini quvonch bilan qabul qilganingizdek, qo‘rquv va og‘riqning ko‘ziga tetik qarashingiz lozim. Biz xiyonatdan, xiyonatkordan qo‘rqamiz. Modomiki shu holat ro‘y bersa, boshingizni baland ko‘tarib, yelkangizni to‘g‘rilash uchun o‘zingizda kuch toping. Sizning vazifangiz – faqat oldinga intilib yashash.

Gap shundaki, xiyonat yaralari o‘zidan o‘zi bitmaydi. Og‘riq chidab bo‘lmaydigan darajada bo‘lib, tom ma’noda qalbingizni tirnasa ham kechirishni o‘rganishingiz kerak.

Shubhasiz, bu ish oson emas. Xudbinligingiz qarshilik ko‘rsatadi. Ammo bu og‘riqdan xalos bo‘lish va baxtga erishishning yagona yo‘li. Kechirimli bo‘lish birinchi navbatda, shaxsiy o‘sishingiz, hissiy aqlni rivojlantirish, ongni yanada moslashuvchan qilish uchun zarur. Bu fazilat sizni faqat oqillikka chorlaydi, sizning aqliy farovonligingiz chiniqishi uchun xizmat qiladi.

Kechirish kuchi hayotingizdagi barcha to‘siqlarni yengib o‘tishga yordam beradi. U sizni davolaydi, kuchaytiradi va dunyoga boshqa ko‘z bilan qarashga undaydi. Bundan tashqari, kechirish sizni haqiqiy sevgi va ishonchni yanada ko‘proq qadrlashga o‘rgatadi.

Boshqalarni kechiring, asosiysi, ularga zaif tomonlaringizdan foydalanib, sizga ziyon yetkazishga yo‘l qo‘yganingiz uchun o‘zingizni ham kechiring.

Bahora MUHAMMADIYeVA.