Keksa hunarmandlar uyida “Usta-shogird” an’anasi asosida yoshlarga hunar o‘rgatmoqda

“Hunarmand” uyushmasi Samarqand viloyat boshqarmasi boshlig‘i U.Hakimov uyushma mutaxassislari bugungi pandemiya sharoitida uyida o‘tirib, hunarmandchilik bilan shug‘ullanayotgan va yoshlarga hunar sirlarini o‘rgatayotgan keksa hunarmandlar xonadonida bo‘ldi, ularga sovg‘a ulashdi.

- Yurtimizda karantin cheklovlari e’lon qilingan dastlabki kunlarda Prezidentimizning “Hurmatli hunarmandlar! Sizlarning mehnatingiz, yangi-yangi tashabbuslaringiz hozirgi vaqtda aholi bandligini ta’minlashga, albatta, munosib hissa qo‘shadi», degan gaplari meni uyda bo‘lsa-da, mehnat qilishga undadi, - deydi akademik kulol Sharif Azimov. – Uy sharoitida o‘ndan ziyod shogirdimga kulolchilik buyumlari yasash sirlarini o‘rgatyapman. Bu ishimiz rahbarlar tomonidan e’tirof etilayotganidan xursandmiz. Ayniqsa, bugun boshqarma boshlig‘i va xodimlarning “Hormang, usta!”, deya xonadonimga kelgani ruhimizni ko‘tardi.

Boshqarma xodimlari, shuningdek, hunarmandlar – Xudoyberdi Haqberdiyev, Xolmahmat Ismatillayev xonadonlarida ham bo‘lishdi. Ular O‘zbekiston xalq ustasi, kulol X.Ismatillayev xonadoniga borishganida u kishining o‘zi mahallasida yashaydigan kam ta’minlangan oilalarga saxovat ko‘rsatayotgan ekan.

- Uyda bo‘lsak-da ishlimiz, daromad qilyapmiz, - deydi Xolmahmat aka. – Ammo mahallamizda karantin sabab biror joyda ishlolmayotgan, ro‘zg‘origa qo‘shimcha daromad kelmayotgan oilalar bor. Ularni bugungi sinovli kunlarda qo‘llash eng katta savob.

Baxtiyor Botirov.