Keksalar va mehnat faxriylarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi hamkorlik
Samarqand shahrida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi viloyat kengashi hamda “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi o‘rtasida 2026 yilga mo‘ljallangan hamkorlik memorandumini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir avvalida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasining jamiyat va davlat hayotida tutgan o‘rni, shuningdek undan kelib chiqadigan ustuvor vazifalar haqida fikr yuritildi, unda 2026 yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan 6 ta muhim ustuvor yo‘nalish belgilab berilgani ta’kidlandi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Samarqand viloyati Kengashi raisi Suhrob Rafiqov “Nuroniy” jamg‘armasi bilan imzolangan hamkorlik memorandumining maqsad va vazifalari haqida to‘xtalib o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, mazkur memorandum keksalar, urush va mehnat faxriylarini ma’naviy hamda moddiy qo‘llab-quvvatlash, ularni ijtimoiy muhofaza qilishni yanada kuchaytirish, shuningdek yoshlarni vatanparvarlik va milliy istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashda nuroniylarning boy hayotiy tajribasidan samarali foydalanishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, kasaba uyushmalari tizimida faoliyat olib borayotgan pensiya yoshidagi xodimlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy himoyasini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratiladi.
“Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi kengashi raisi Shuhrat Negmatov hamkorlik memorandumining imzolanishi viloyatimizdagi keksalar va mehnat faxriylarini qo‘llab-quvvatlash ishlarini yangi bosqichga olib chiqishini ta’kidladi. Uning aytishicha, mazkur hamkorlik doirasida mehnat faxriylari va nuroniylar ishtirokida “Uch avlod uchrashuvi”, davra suhbatlari, madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etish imkoniyati yaratiladi.
Tadbir yakunida ushbu memorandum imzolandi. So‘ngra ishtirokchilarga “O‘zbekiston kasaba uyushmalari — kecha, bugun, ertaga” nomli tarixiy-hujjatli film namoyish etildi.