“Kelin kundaligi” indoneziyaliklarni O‘zbekistonga qiziqtiradimi?

Samarqandda O‘zbekiston-Indoneziya turizm forumi bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakatning yirik turizm sohasi vakillari, tur-operatorlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Anjumanning ochilish marosimida viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov so‘zga chiqib, mamlakatimiz, xususan Samarqandda keyingi yillarda turizm sohasi rivoji yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi. Ayniqsa, indoneziyalik sayyohlar uchun viloyatda ziyorat turizmi borasida keyingi yillarda katta o‘zgarishlarni alohida ta’kidlab o‘tdi. Indoneziyaning O‘zbekistondagi muvaqqat ishlar vakili Sintiya Krishtianu Sayeh xonim o‘tgan qisqa vaqt mobaynida ikki mamlakat orasidagi sayyohlar oqimi sezilarli darajada oshganini qayd etdi.

- Xususan, Indoneziya markaziy statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda yurtimizga O‘zbekistondan kelgan sayyohlar soni 8130 nafarni tashkil qilmoqda, - dedi Sintiya Krishtianu Sayeh xonim. - Bu ko‘rsatkich 2023 yilga qaraganda 53 foizga ortgan. Aytish joizki, 2022 yilda sayyohlar soni bor-yo‘g‘i 559 nafar kishini tashkil etgan. Ushbu raqamlar O‘zbekistonda ham sezilarli oshgan, deb ayta olaman. Bularning barchasi ikki davlat orasida o‘zaro hamkorlik kuchaygani, tomonlarning madaniy hayoti, qadriyatlariga qiziqish ortgani bilan bog‘liq.

Forum davomida bir qator kompaniyalar bilan bir qatorda Indoneziyaning yirik mediakompaniyasi O‘zbekiston bilan hamkorlikka alohida qiziqish bildirdi. Xususan, "Khatamedia" kompaniyasi Indoneziyada O‘zbekiston turizmini targ‘ib qilish bo‘yicha faol ish olib borayotganini ta’kidladi.

Shuningdek, Tobali Films kompaniyasi O‘zbekistonda suratga olinadigan yangi film ustida ish boshlashni rejalashtirgani ochiqlandi. Mamlakatning mashhur yozuvchisi Asma Nadia qalamiga mansub “Catatan Hati Pengantin” (“Kelin kundaligi”) romani asosida suratga olinadigan ushbu film O‘zbekistonning betakror go‘zalligi va boy madaniy merosini butun dunyoga tanishtirishga xizmat qiladi.

Forum doirasida V2V uchrashuvlari ham tashkil etilib, unda mahalliy va xorijiy turizm sohasi vakillari o‘zaro hamkorlik imkoniyatlarini muhokama etdilar. Xususan, Samarqand va Jakarta shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish, qo‘shma turistik mahsulotlar yaratish, ziyorat turizmni rivojlantirish kabi masalalar muhokama etildi.