«Kelin»ning oshi

Talabalik yillarini bejizga «oltin davr» demasa kerak. Sababi – bu yillar talabalar uchun o‘ziga xos erkin va havoyi davr hisoblanadi. Esda qolarlik qiziq-qiziq hangomalar, xotira uchun arzigulik voqea-hodisalar ham ana shu o‘tgan to‘rt-besh yillik jarayonda kechadi.

Sunnatilla, Sobir va men birinchi yotoqxonaning ikkinchi qavatidagi o‘n oltinchi xonada «istiqomat» qilamiz. Topgan-tutganimiz o‘rtada. Ayniqsa, stipendiya olgan kunlarimiz biz uchun bayramga aylanib ketadi. Shunday kezlarda Sunnatilla namangancha oshga unnaydi. Sobir esa do‘konga yuguradi. Ta’bning tortishiga qarab yo «oqi»dan, yoki «qizili»dan keltiradi.

Olgan stipendiyalarimiz oxirlab, cho‘ntaklarning hovuri pasayib, rizqimiz non-choy va chaqmoq qandga qolgan kunlarning birida, kechki payt Buxorodan Sobirning tog‘asi kelib qoldi. U kishi olib kelgan non, mayiz, olma, turshak va konfetlarni o‘rtaga qo‘yib, dasturxon tuzadik. Bunday paytlarda g‘ayrati jo‘shib ketadigan Sunnatilla yelib-yugurib choy damladi.

- Yigitlar, sizlarni bir mehmon qilay, bu yaqin atrofda qayerda tuzukroq oshxona bor? – dedi Sobirning tog‘asi taraddudlanib.

Vaqt kech bo‘lib, oshxonalar allaqachon yopilgan, faqat yarim tungacha ishlaydigan restoranlargina qolgan xolos.

- Siz hech tashvish chekmang, choy ichib turing, - dedi Sunnatilla va "Men hozir", dedi-da, joyidan ilkis qo‘zg‘alib, mehmonning ort tarafiga o‘tdi va meni eshikka imladi. Boshlashib, koridorga chiqdik. Shovqin ancha susaygan, odam siyrak edi.

- Sen shu yerda kutib, eshiklarga qarab tur, - dedi u menga va chap tarafdagi ikkita gaz plita turadigan oshxona tomonga ildam yurib ketdi. Hayal o‘tmay qaytib keldi-da:

- Hali biroz bor ekan, - deb ichkariga kirdi.

Hech narsaga tushunmay, uning ortidan xonaga kirdim. Tog‘asi bilan suhbatlashib o‘tirgan Sobir nima gap, deganday, menga tikildi. Men yelkamni qisdim. Bu orada mehmon bilan picha suhbatlashib, bir piyoladan choy ichdik. Sunnatilla meni yana eshikka imladi.

- Hushyor bo‘lib, qarab tur. Qizlar chiqsa tomoq qirasan, – dedi menga.

Men eshik yonida qoldim.

- Nima gap, - degandim, u qo‘l siltab, oshxona tomonga ketdi.

- Eshikni och, – dedi qopqog‘i yopilgan qozonchani ko‘tarib kelayotgan Sunnatilla. U lip etib xonaga kirdi-da, eshikni yopib, zulfini o‘tkazib qo‘ydi.

Keyin mehmonga izoh berdi:

- He yo‘q-be yo‘q, xonaga kirib kelaverishadi, talabalarning odati shunaqa…

Sunnatilla qozon qopqog‘ini ochib, osh yuzidagi likopchani oldi. Osh va ziraning dimog‘ni qitiqlovchi hidi butun xonani tutib ketdi.

- Allaqachon osh ham tayyor-ku, – dedi mehmon qozonga qarab.

Sobir esa menga ko‘zini qisib:

- Sunnatillaning xotini mehmon kelganini eshitib, osh damlagan ekan, - dedi.

- Shunaqami? – dedi mehmon ajablanib.

- Kelin ham kelganmi, - qayta so‘radi mehmon.

- Yo‘q, - dedim men, - u kishi ham shu yerda o‘qiydi, faqat boshqa xonada turadi.

- Oh-oh, ajoyib osh bo‘lipti.
Tog‘a qoshiqni bir chetga qo‘yib, qo‘li bilan ola boshladi:

- Kelinning umri uzoq bo‘lsin.

Osh yeyish asnosida Sobir tog‘asi u yoq-bu yoqdan gaplashib o‘tirdi.

Sunnatilla bilan yonma-yon eshikka yaqin o‘tirganim uchun butun vujudim quloqqa aylanib, e’tiborim koridorga qaratilgan edi. Bir payt koridorda gurs-gurs qadam tovushi eshitilib, qiz bolaning: «Teshib chiqqurlar», degan ovozi qulog‘imga chalindi. "Biofak"dagi Zamira edi bu. Hali tez-tez choyga qatnab turgan Sunnatilla Zamiraning osh damlayotganini ko‘rgan ekan-da, degan fikr o‘tdi xayolimdan.

- Ha, darvoqe, - dedi mehmon choy ichayotganimizda:

- Kelin-kuyov ijaraga uy olib, birga yashayversanglar bo‘lmaydimi? Kir-chir, osh-ovqat deganday…

Sunnatilla kalovlanib, qovun tushirib qo‘ymasin, deb gapni ilib ketdim:

- Hali to‘y bo‘lgan emas. Faqat ayrim rasm-rusumlar o‘tkazilgan, xolos. To‘y xudo xohlasa, yozda bo‘ladi.
Mehmon "Shundaymi?", deganday bosh irg‘ab qo‘ydi.

- Ammo, xotindan yalchibsan, jiyan, - dedi mehmon dasturxonga fotiha qila turib. - Ovqatni shunday tez va shirin tayyorladimi, demak ro‘zg‘orning boshqa yumushlariga ham chaqqon bo‘ladi-da…

Ertalab odatdagiday darsga shoshildik. Tog‘a esa uyga qaytadigan bo‘ldi. Uchalamiz tashqariga chiqdik. Sunnatilla esa payt topib, qozonni joyiga qo‘yib kelish uchun orqada qoldi. U qozonni ko‘tarib, oshxonaga borganda Zamira gaz plitasi yonida poylab turgan ekan. Sunnatillani ko‘rishi bilan o‘shqira ketdi:

- Ha, teshib chiqqur, o‘g‘ri mushuklar! O‘zlaring osh qilib yesanglar qo‘llaring sinib tushadimi?

- Ko‘p shovqin solaverma, iltimos. Ancha kech bo‘lib qolganda mehmon kelib qoldi, - dedi Sunnatilla ovozini pasaytirib. - O‘zing yaxshi bilasan, mehmon yoshi ulug‘ edi, shunga majbur bo‘ldik.

- Tag‘in yo‘q mehmonni bahona qilishini-chi, qasamxo‘rlar! -  qizarib-bo‘zarib o‘shqirardi Zamira.

- Ishonmasang, yur, ana pastda Sobirning tog‘asi turibdi. O‘zing ko‘rasan.

- Mehmon-pehmoningni bilmayman, ikki barobar qilib qaytarasanlar!

- Xo‘p-xo‘p, Sobirga tog‘asi ancha pul berdi. Uch barobar desang ham to‘laymiz.

Sunnatilla kitob-daftarini qo‘ltig‘iga qisib, zinadan pastga tusha boshladi. Zamira uning ortida hamon to‘ng‘illab borardi:

- Yeb to‘ymas, ochofatlar!

Shunda Sunnatilla Zamira tomonga burilib, lablariga barmog‘ini bosdi:

- Tish-sh-sh, iltimos, sharmanda qilma!

Ular yotoqxona oldidagi maydonchaga tushganlarida Sobir taksi yonida turgan tog‘asi bilan quchoqlashib, xayrlashayotgan edi.

- Rahmat, kelin. Iloyo baxtli bo‘linglar, osh judayam mazali chiqibdi. Qo‘ling dard ko‘rmasin. To‘yga meniyam, albatta, aytinglar. Sovg‘aning zo‘rini o‘zim opkelaman.

Zamira esa qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, yerga tikilgan ko‘yi turardi.

Tog‘a taksiga o‘tirdi. Mashina joyidan jilgach, Zamira endi azbaroyi tutaqib ketdi:

- Meni qaysi birlaring kelin, deding, hu, marazlar!

- Endi shunaqa bo‘p qoldi, Zamiraxon, - dedi yotig‘i bilan tushuntirishga harakat qilib Sunnatilla. - Kutilmaganda mehmon keldi, osmondan tushganday osh paydo bo‘ldi. Nima deyishimiz kerak edi.

- He, kelin demay ketinglar. Men bilmayman, to‘laysizlar, vassalom!

- Xo‘p, to‘laymiz.

Biz darsga jo‘nadik. Zamira bo‘lsa ortiga burilib, yotoqxonaga kirib ketdi.

O‘rinboy NORMATOV.