Kelishuv bitimi va mediativ kelishuv bir-biridan nimasi bilan farq qiladi?

Jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish yo‘lida, nizolarni o‘zaro tinch (diplomatik) yo‘l bilan hal qilish orqali sudlarda ish hajmini maqbullashtirishda kelishuv bitimi va mediativ kelishuv institutlari muhim ahamiyat kasb etadi.
Xo‘sh, ularning qanday umumiy va farqli jihatlari mavjud? Buni bilish uchun, avvalo, kelishuv bitimi va mediativ kelishuv tushunchalariga alohida to‘xtalib o‘tamiz.
Kelishuv bitimi – o‘zaro kelishishga asoslangan va nizoni hal qilish yuzasidan taraflarning yozma kelishuvi hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2009 yil 18 dekabrdagi “Iqtisodiy sudlar tomonidan kelishuv bitimini tasdiqlashda protsessual qonun normalarining qo‘llanilishiga oid ayrim masalalar to‘g‘risida”gi qarori 2-bandida berilgan tushuntirishga ko‘ra, kelishuv bitimi deganda, o‘zaro kelishishga asoslangan, da’vo talabi (talablari)ga nisbatan aniqlikka erishishga qaratilgan, nizoni hal qilish to‘g‘risidagi taraflarning yozma kelishuvi tushuniladi.
“Mediatsiya to‘g‘risida”gi Qonunning 4-moddasiga ko‘ra, mediatsiya — kelib chiqqan nizoni taraflar o‘zaro maqbul qarorga erishishi uchun ularning ixtiyoriy roziligi asosida mediator ko‘magida hal qilish usulidir. Mediativ kelishuv esa mediatsiyani qo‘llash natijasida mediatsiya taraflari tomonidan erishilgan kelishuv hisoblanadi.
Ularning umumiy jihati shundaki, ikkisi ham nizolarni tinchlik va murosa (diplomatik) yo‘li bilan hal qilishga qaratilgan nizolarni muqobil hal qilish usulidir.
Shu bilan birga, Fuqarolik protsessual kodeksi 166-moddasi 2-bandiga muvofiq, kelishuv bitimi yoki mediativ kelishuv da’vo tartibida yuritiladigan har qanday ish bo‘yicha tuzilishi mumkin.
Farqli jihatlari esa talaygina bo‘lib, quyida ularni alohida tahlil qilamiz.
Avvalo, kelishuv bitimi fuqarolik sud ishlarini yuritishning har qanday bosqichida va sud hujjatini ijro etish jarayonida, mediativ kelishuv esa birinchi instansiya sudida sud alohida xona (maslahatxona)ga sud hujjatini qabul qilish uchun chiqquniga qadar taraflar tomonidan tuzilishi mumkin deb ko‘rsatib o‘tilgan. (FPK 166-modda);
Kelishuv bitimi u sud tomonidan tasdiqlanganidan keyin tuzilgan hisoblanadi, mediativ kelishuvni esa tasdiqlash talab etilmaydi.
Kelishuv bitimini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala sud majlisida taraflar albatta ishtirok etgan holda ko‘riladi, bunday kelishuv notarius tomonidan tasdiqlangan hollar bundan mustasno. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar sud majlisining vaqti va joyi haqida xabardor qilinadi.
Kelishuv bitimini tasdiqlash to‘g‘risida ajrim chiqariladi, unda ish yuritish tugatilganligi ko‘rsatiladi.
Taraflar o‘rtasida mediativ kelishuv tuzilgan bo‘lsa, da’vo arizasi ko‘rmasdan qoldiriladi, bunday holatda da’vogar sudga da’vo arizasi bilan umumiy tartibda yangidan murojaat qilishga haqli.
Taraflar o‘rtasida kelishuv bitimi bo‘yicha shartlashilgan majburiyatlarni bajarmaslik huquqiy oqibatlarni keltirib chiqaradi.
Mediativ kelishuvda esa garchi taraflar ma’lum majburiyatlarni bajarish haqida kelishgan bo‘lsalar-da, hech qanday huquqiy oqibat keltirib chiqarmaydi. Shunga ko‘ra, mediativ kelishuv shartlari bajarilmagan taqdirda, taraflar takroran sudga murojaat etishga haqli;
Agar kelishuv bitimida sud xarajatlarini taqsimlash haqidagi shart mavjud bo‘lmasa, sud bu masalani kelishuv bitimini tasdiqlash chog‘ida, umumiy tartibda hal etadi. Taraflar o‘rtasida mediativ kelishuv tuzilib, da’vo arizasi ko‘rmasdan qoldirilgan taqdirda esa da’vo arizasi taqdim etishda oldindan to‘langan davlat boji da’vogarga qaytariladi.
Muxtasar aytganda, kelishuv bitimi va mediativ kelishuv institutlari taraflarga o‘rtalarida yuzaga kelgan nizoli masalalarni o‘zaro kelishuv, diplomatik yo‘l bilan hal qilish usullari bo‘lib, nizoli vaziyatning murosai-madora yo‘li bilan barham topilishiga xizmat qiladi.
Furkat Anorov,
Samarqand viloyat sudi sudyasi.