Keyingi 2 yilda samarqandlik bokschi qizlar ikkinchi marta "erkak" raqiblarga qarshi jang qildi

«Erkaklikda gumon qilingan» bokschidan yutqazgan Sitora Turdibekovaga IBA 100 ming AQSh dollar beradi.

Bulung‘urlik bokschi Sitora Turdibekova Parijdagi yozgi olimpiya o‘yinlari dasturida Xitoy Taypeyi vakili - "erkak" bokschiga qarshi jang qilib, ochkolar hisobida mag‘lub bo‘ldi va olimpiya o‘yinlaridagi yurishini to‘xtatdi. Jang yakunida Sitora Turdibekova raqibga qo‘l uzatishni o‘ziga ep ko‘rmadi, ko‘zida yosh bilan musobaqani tark etdi. 

Aslida na erkak, na ayol bo‘lgan bu "bokschi" ustidan Sitora g‘alaba  qozondi, unga munosib qarshilik ko‘rsatdi. Biroq "erkak" bokschi Sitoradan ustun keldi. 

2023 yilda Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) Yuy Ting Linni 2019 yilgi boks bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi jahon chempionatida olgan bronza medalidan mahrum qilgan edi. 

Sabab — u jinsni aniqlash testidan o‘ta olmagan, ya’ni ayol ekani isbotlanmagan. E’tiborlisi, Yuy Ting Lin bunga e’tiroz bildirmagan. 

Afsuski, Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi bunday deb hisoblamadi va unga olimpiadada ishtirok etishga ruxsat berildi. Qolgani sizga ma’lum. 

O‘tgan yili mart oyida Hindiston poytaxti Nyu-Dehli shahrida ayollar o‘rtasida boks bo‘yicha jahon chempionatida -66 kilogramm vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilgan jomboylik bokschi Navbahor Hamidova bronza medalni qo‘lga kiritgan edi. 

U chorak finalda jazoirlik Imane Xelifga imkoniyatni boy bergan, keyinchalik jazoirlik bokschi diskvalifikatsiya qilindi va uning o‘rniga Navbahor yarim finalchi sifatida qayd etilgandi. 

Sababi - jazoirlik Imane Xelif keyinroq boks bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi jahon chempionati paytida genetik tekshiruv natijasida erkak kishi ekanligi aniqlangan edi.

Bungacha u Navbahor Hamidovani ham ochkolar bo‘yicha yutgandi. Xelif diskvalifikatsiya qilinishi natijasida hamyurtimizga haqli ravishda bronza medali taqdim etilgandi. Eng qizig‘i, Imane Xelif 2022 yilgi JChda kumush medalini qo‘lga kiritgan. Hatto olimpiadada ham qatnashgan. 

Yanayam qizig‘i, jazoirlik ushbu "erkak bokschi"  Parijda o‘tkazilayotgan Olimpiya o‘yinlarida yana ayollar bahsida ishtirok etmoqda. bundan ikki kun avval, Olimpiya o‘yinlaridagi musobaqada jazoirlik ayol (erkak) va italiyalik ayol o‘rtasidagi jang 46 soniyadan so‘ng tugadi - italiyalik qiz jangni davom ettirishdan bosh tortdi va jazoirlik bokschi g‘alaba qozondi. 

Yuy Ting Linni hamda Imon Xelif o‘zlarini ayol deb biladi va ayollar o‘rtasidagi boks turnirlarida qatnashib, jangda ayollarni hech qanday muammosiz yengmoqda.

***

Xalqaro boks assotsiatsiyasi IBA prezidenti Umar Kremlev Parij Olimpiadasida adolatsizlikka uchragan bokschi qizlarga 100 ming dollar berishini e’lon qildi 

Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) xulosasiga ko‘ra, Xitoy taypeyilik Lin Yuy-Ting erkak deb topilgan.

Olimpiadaning boks bahslarida hamyurtimiz Sitora Turdibekova ayni shu bokschidan mag‘lubiyatga uchradi. IBA prezidenti Umar Kremlev esa mazkur holatni Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi uchun sharmandalik ekanligini ta’kidlab, erkak bokschilarga qarshi ringga ko‘tarilgan ayol bokschilar IBA tomonidan 100 ming AQSh dollari bilan taqdirlanishini ma’lum qildi.

"IBA Olimpiadada adolatsizlikka uchragan bokschi qizlarni 1-o‘ringa beriladigan pul mablag‘lari miqdorida mukofotlaydi. Biz barchani himoya qilamiz va, albatta, gender diskriminatsiyasini ham. Hozir Olimpiya o‘yinlarida sodir bo‘layotgan voqealar barcha zamonlarning eng sharmandali holati», — deb yozdi Kremlev o‘z sahifasida.

Xalqaro olimpiya qo‘mitasi olimpiadalarda bunday holatlarga yo‘l qo‘yaversa, musobaqalarning obro‘si va nufuzi tushib ketadi. Shu bilan birga, olimpiadalarda ishtirokchi davlat va sportchilar soni ham kamayadi. Shu o‘rinda Milliy olimpiya qo‘mitamiz mas’ullari bu kabi nohaqliklar va adolatsizliklar haqida appelyasiya bersa, munosabat, e’tiroz bildirsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Fazliddin Ro‘ziboyev.