"Keyingi 5 yil ichida yalpi ichki mahsulotimizni 100 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan" — Shavkat Mirziyoyev

Prezident investitsiyalarni jalb qilish jarayonini takomillashtirish bo‘yicha muhim chora-tadbirlarni belgilab berdi.

Mamlakatimizning investitsion jozibadorligini oshirish, biznes muhitini yanada yaxshilash yo‘nalishida amaliy takliflarni ishlab chiqish maqsadida 2022 yildan e’tiboran Prezident huzuridagi Xorijiy investorlar Kengashi yig‘ilishlarini muntazam o‘tkazib borish yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, “kraud-sorsing” platformasi va zamonaviy raqamli yechimlardan foydalangan holda, barcha tarmoqlar va hududlardagi investorlar va tadbirkorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘tkazish amaliyotini davom ettiramiz.

"Umuman olganda, amalga oshiriladigan islohotlarimiz natijasida keyingi 5 yil ichida yalpi ichki mahsulotimizni 100 milliard dollarga, yillik eksport hajmlarini esa 30 milliard dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Xususiy sektorning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 80 foizga yetkaziladi.

Biz O‘zbekistonning 2030 yilga borib aholisi o‘rtadan yuqori daromad oladigan davlatlar qatoridan joy olishiga erishishni maqsad qilib qo‘yganmiz", dedi Prezident.