Samarqandda "Kim epchil, kim chaqqon" sport musobaqasi tashkil etildi
Sport-nafaqat inson salomatligini mustahkamlaydigan shuningdek mamlakatni dunyoga tezda tanitadigan muhim vosita hamdir. Shu bois Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusda yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb masalasi ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilab berildi.
O‘zbekiston “Millik tiklanish” demokratik partiyasi ham Prezidentimiz ilgari surgan tashabbuslar ijrosini ta’minlashda faol ishtirok etmoqda. Xususan partiyaning Samarqand viloyat kengashi hamda “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi Samarqand viloyat boshqarmasi hamkorligida shahardagi 64-sonli alohida sharoitlarda ta’minlash, tarbiyalash va ta’lim berishga muhtoj bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab internatida tashabbusning ikkinchi yo‘nalishi ijrosiga qaratilgan “Kim epchil, kim chaqqon?” shiori ostidagi sport musobaqasini tashkil etdi.
Uning ochilish marosimida so‘z olgan O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Zebiniso Shodiyeva maktab internati tarbiyalanuvchilarini 1 iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni bayrami bilan qizg‘in tabriklab, davlatimiz rahbari ilgari surgan 5 ta muhim tashabbusning mohiyati va uning yoshlarni komil insonlar qilib tarbiyalashdagi ahamiyati xususida fikr-mulohazalarini bildirdi.
Shundan so‘ng o‘quvchilar 5 ta guruhga bo‘lingan holda sportning shaxmat-shashka, futbol, tosh ko‘tarish, turnikka tortilish turlari bo‘yicha bahslarga kirishishdi va “Quvnoq startlar” musobaqasida o‘zaro bellashdilar. Qizg‘in bahs va murosasiz kurashlar ostida o‘tgan musobaqa maktab internati tarbiyalanuvchilarining sportga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirib, ularning g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoqini mustahkamladi. Hamma bolalar musobaqada g‘olib bo‘lish uchun astoydil xarakat qilishdi.
Musobaqa yakunida barcha sport turlari bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchilarga hamda “Quvnoq startlar” musobaqasida peshqadamlikni qo‘lga kiritgan jamoaga O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Samarqand viloyat kengashining hamda “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi Samarqand viloyat boshqarmasining faxriy yorliqlari, esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, yosh avlod ta’lim-tarbiyasida jonbozlik ko‘rsatib kelayotgan maktab internatining bir guruh o‘qituvchilari tashkilotchilarning tashakkurnomalari bilan taqdirlandilar.
O‘zMTDP Samarqand viloyat
kengashi Matbuot xizmati.