Kimki bir shiddat aro sabru tahammul ayladi...

O‘zbekistonimizda mana bir yarim oydirki, sinovli kunlar hukm surmoqda. Davlatimiz rahbari boshchiligida bu kunlardan talafotsiz, ziyon-zahmatsiz chiqish choralari ko‘rilmoqda. Aholining yordamga muhtoj qatlami zarur birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanmoqda.

Mumtoz adabiyotimizda saxovatpeshalik insonning bosh fazilatlaridan biri sifatida ulug‘lab kelingan. Saxiy kishini mevali daraxtga o‘xshatishgan. Hamma vaqt uning hosilidan el bahra oladi. Saxiylik – bu faqat pul ulashish emas, avvalo qalb harorati, boshqalarni baxtiyor ko‘rish istagi. Saxiy qalbli odam bog‘ ko‘kartiradi, yer haydab, omborlarni g‘allaga to‘ldiradi, el-yurtni obod, farovon qilish, odamlarning hojatini chiqarish uchun intiladi.

O‘zbek millatiga beriladigan sifatlardan biri ham saxovatpeshalikdir. O‘zbek har doim bitta nonini boshqalar bilan baham ko‘rgan, bo‘lishgan. Qo‘shnisi, qarindoshi, mahalladoshi qiynalib qolganligini xotirjam kuzatib o‘tirmagan. Bunga Ikkinchi jahon urushi yillarida O‘zbekistonga keltirilgan boshqa millatga mansub kishilarga, bolalarga qay darajada mehribonlik ko‘rsatilganligi, oxirgi zog‘orasigacha baham ko‘rilganligi misol bo‘la oladi.

Bugun to‘qchilik zamoni. Yaratganga beadad shukrlar bo‘lsinki, yurtimiz tinch. Bozorlarimiz to‘kin. Xalqimiz bugungi sinovli kunlarda har doimgidan ham jipslashgan. Bir-biriga yordam, saxovat ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, Ramazon oyining kirib kelishi saxovatga to‘la qalblarni to‘lqinlantirdi. Shuning natijasi o‘laroq “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida butun mamlakatimizda savobli ishlarga qo‘l urilmoqda.

Samarqand viloyatida, jumladan, Urgut tumanida ham bu borada keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganini ko‘rib, eshitib, shu zaminda o‘sib-ulg‘aygan inson sifatida eldoshlarimning bu savobli ishlaridan xursand bo‘laman. Tumanning Mergancha, Vatkan, Qo‘zibek, G‘o‘s, Satang va boshqa bir qancha qishloqlarida “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida amalga oshirilayotgan ishlarni eshitdim. Kam ta’minlangan, nogironligi bor, kunlik ishlarda ishlovchi oilalarga, obodonlashtirish boshqarmasi, “Toza hudud” davlat unitar korxonasi ishchilariga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatilayotgan ekan. Shunday sinovli kunlarda va muborak oyda ehtiyojmandlarga yordam qo‘lini cho‘zayotgan saxovatpesha insonlar Navoiy ta’biri bilan aytganda “buzilgan ka’bani obod aylaganlik” savobini olmoqda. Zero, buyuk alloma qayd etganidek,

Kimki bir ko‘ngli buzuqning xotirin shod aylagay,

Oncha borkim, Ka’ba vayron bo‘lsa obod aylagay.

Mana shunday munglig‘ ko‘ngillarni obod qilishga, xalqimizni esa shunday kunlarda uydan chiqmay, davlatimiz, hukumatimiz chaqirig‘iga labbay deb turishi, yaxshi kunlarning tezroq yetib kelishiga zamin yaratishini eslatgan holda sabr qilishga chaqiraman. Binobarin, sabr qilishda ham hikmat ko‘p. Qanoat, sabr, inson irodasini chiniqtirib, bardoshli, sabot-matonat egasi qilishi mumkin:

Kimki bir shiddat aro sabru tahammul ayladi,

Baxt aning nishini no‘shu xorini gul ayladi (Alisher Navoiy).

Islom ma’naviyatida ham sabr imon tushunchasi bilan juda yaqin sanaladi. Yaratgan sabrlilar bilan birgadir. Shunday ekan, imkonimiz bo‘lsa, atrofimizdagi yaqinlarimizga saxovat ko‘rsataylik, sabr bilan xalqimiz boshiga kelgan tashvishni uyda o‘tirib yengaylik!

Muslihiddin MUHIDDINOV,

SamDU professori, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi.